Яратилиш санаси 23.03.2026

Taqvo ― so’zining lug’aviy va istilohiy, ma’no va mazmuni (2-qism)

Taqvoning istilohiy ma`nosi haqida ulamolar bir-birini to’ldiruvchi bir qancha ta`riflarni aytganlar: 

Rog’ib: "Shariat urfida taqvo nafsni gunohdan muhofaza qilishdir. Bu man qilingan narsalarni tark etish ila bo’ladi. Ba`zi mubohlarni tark qilish ila mukammal bo’ladi"[4], degan.

Feruzobodiy: "Taqvo har bir zararli narsadan, ya`ni, ma`siyatdan va ortiqcha, keraksiz narsalardan chetda bo’lishdir. Shunga binoan u farz va naflga taqsimlanadi"[5], degan.

O’tgan azizlardan Tolq ibn Habib: "Taqvo Allohning rahmatidan umidvor bo’lib, Uning nuri ila Unga itoat qilmoq va Allohning azobidan qo’rqib, Uning nuri ila qaytargan ishlarini tark qilmoqdir"[6], degan.

Qur`oni Karimda "taqvo" so’zi "xavf", "qo’rqish", "ibodat", "ma`siyatni tark qilish", "tavhid" va "ixlos" kabi ma`nolarda ishlatilgan. Ba’zilar taqvo bilan vara’ orasini farqlay olmaydilar. Shu o’rinda vara’ orasidagi farqini bayon qilsak:

Taqvo bilan vara` orasidagi farqlar quyidagilardan iborat:

Taqvo himoyaga tayyorgarlikdir. Vara` shubhani daf qilishdir.

Taqvo sababi aniq narsadir. Vara` sababi gumon narsadir.

Taqvo inson saqlanayotgan narsadan hazir bo’lishidan iborat bo’lib, u ila inson va u yomon ko’rgan narsa orasida to’siq, hosil bo’ladi.[7]Vara` esa, oqibati nima bo’lishi gumon bo’lgan narsadan nafsning judo bo’lishidir.

Qur`oni Karim taqvodorlarga bir qancha bashoratlarni va`da qilgan, ular jumlasiga quyidagilar kiradi:

Yordam, nusrat, ikrom, ilm, hikmat, gunohlarning yuvilishi, ajrlarning ko’payishi, mag’firat, osonlik, ishning yengil ko’chishi, g’am va tashvishdan qutulish, bu dunyoda rizqning keng bo’lishi, oxiratda azob-uqubatdan najot topish, tavfiq, murod hosil bo’lishi va boshqalar.

[4] “Xomsiyn” 800-bet.

[5] “ruhiy tarbiya’’780- bet.

[6]“Ihyo ulumiddin”278-bet.

[7] “Xomsiyn”440-bet.

Mahmudov Kalimulloh

Ta'lim muassasasi o'qituvchisi