Яратилиш санаси 21.04.2026

MUSTALAHUL HADIS QOIDALARINING AHAMIYATI VA ULARNING ZAMONAVIY TALQINI

Annotatsiya: Ushbu maqolada mustalahul hadis fanidagi hadislarning roviylarini va matnni tekshirishda fan ulamolari tomonidan ishlab chiqilgan puxta va tizimli mezonlarni global axborot zamonida ma`lumotlarni qabul qilishda qo`llash haqida gap boradi.

Annotation: This article discusses the application of rigorous and systematic criteria developed by mustalah al-hadith scholars in verifying hadith narrators and texts in the global information age.

Kalit so`zlar: mustalahul hadis, roviy, matn, sahih, sanadning muttasilligi, roviyning adolati, roviyning zobti, shozlik, illat, ommaviy axborot vositalari, fake xabar, sun`iy intellekt, soxta akkaunt. 

Keywords: mustalahul hadith, narrator, text, sahih, continuity of chain of transmission, fairness of narrator, the power of the narrator`s memory, media, fake news, artificial intelligence, fake account.

Islom ilmlarida hadislarni tekshirish va saralash uchun ishlab chiqilgan mustalahul hadis fani juda puxta va tizimli mezonlarga ega. Bu fan orqali rivoyatlarning to‘g‘riligini aniqlashda yuqori darajadagi ilmiy usullar qo‘llanilgan. Qizig‘i shundaki, ushbu qadimiy metodologiya bugungi zamonaviy axborot oqimida, xususan, ommaviy axborot vositalari (OAV), ijtimoiy tarmoqlar va internet xabarlarini tekshirishda ham juda samarali qo‘llanilishi mumkin.

Ushbu maqolada mustalahul hadis fanida ishlatiladigan ayrim qoidalarni hozirgi kunimizda ham dolzarbligi va axborotlarni tekshirishda qo`llay olishimiz mumkinligi borasida mo`jaz chog`ishtiruvni topishingiz mumkin.

Dastlab, mustalahul hadis fani haqida to`xtalsak. Mustalahul hadis — hadis ilmidagi bir soha bo‘lib, u hadislarni tekshirish va baholash qoidalarini o‘rganadi. Ya`ni bu fan hadisning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini aniqlaydi, roviylarning (rivoyatchilarning) ishonchliligini tekshiradi, hadislarning quvvatini (sahih, hasan, zaif) tasniflaydi. Ya’ni, qaysi hadisga qanchalik darajada ishonish mumkinligini aniqlash ilmi hisoblanadi.

Endi mana shu fandagi zamonamizda ham axborotlarni tekshirishda foydalanish mumkin bo`lgan ayrim qoidalarni keltirib o`tamiz:

Hadis ilmi olimlari roviy (xabar yetkazuvchi) uchun bir nechta muhim shartlarni belgilaganlar. Ularga sanadning uzluksizligi, adolat (balog`at, fosiq bo`lmaslik, oqillik, muruvvatli bo`lish, halollik kabilar), xotiraning zaif bo`lmasligi va boshqalar kiradi.

Shundan kelib chiqadiki, xabar yetkazuvchi roviy rostgo‘y, diyonatli va gunohlardan yiroq, eshitganini to‘g‘ri eslab, aynan shundoq yetkazishi, xabar zanjiri uzilmagan bo‘lishi, roviy boshqalarga zid bo‘lmasligi, illat (yashirin nuqsonlar yo‘qligi)dan xoli bo`lishi kerak. Hadis olimlari nafaqat roviyni, balki xabarni ham puxta tekshirganlar.

Zamonaviy hayotda esa bu mezon – axborot manbasining ishonchliligi demakdir. Rasmiy OAV, ishonchli jurnalistlar, tasdiqlangan manbalar qaysidir ma`noda yuqoridagi talablarga javob berishi mumkin. Endi buning aksi bo`lgan soxta akkauntlar yoki noma’lum sahifalar bu mezonga to‘g‘ri kelmaydi. Har bir iste`molchi olayotgan xabarini to‘liq va o‘zgarmagan holda yetkazilganini tekshirishi lozim. Bunda ushbu ma`lumotlar kontekstdan uzib olinmaganiga, birinchi manba kim ekanligiga, sarlavha bilan mazmun farq qilmayapganligiga e`tibor berish kerak. “Kimdir aytdi” yoki “eshitdim” kabi gaplar sanad uzilganiga dalolat qiladi.

Bundan tashqari xabar ishonchli manbalarga zid kelmasligi kerak. Xabarda yashirin xato yoki manipulyatsiya bo‘lmasligi kerak. Hozirgi sun`iy intellekt rivojlanib ketgan davrda foto va videolarning montaj qilinishi, deepfake yoki sun’iy o‘zgartirishlar, statistik ma’lumotlarni noto‘g‘ri talqin qilish oson va oddiy ishga aylandi. Endi har bir xabarni oldingidan ko`ra ancha puxta tekshirish dolzarb ishga aylandi.

Hadis ilmi aslida bugungi “media literacy” (media savodxonlik)ning mukammal namunasi hisoblanadi. Quyidagi o‘xshashliklar bunga dalildir:

Mustalahul hadis qoidasi

Zamonaviy mediada qo`llanishi

Roviy tekshiruvi

Manba tekshiruvi

Sanad

Axborot zanjiri

Zobt(xotira)

Fakt aniqligi

Adolat

Ishonchlilik

Illat

Yashirin manipulyatsiya

Yuqoridagilarga asoslanib, bir xabarni tekshirib ko`ramiz. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda bir xabar tarqaldi: “Qaysidir joyda katta voqea bo‘ldi...”. Ushbu xabarni endi hadis metodologiyasiga asoslanib tekshirish uchun quyidagi savollarga javob berishimiz kerak bo`ladi:

  1. Manba kim? (roviy)
  2. Boshqa manbalar tasdiqlayaptimi? (shozlik)
  3. Asl manba qayerda? (sanad)
  4. Xabar o‘zgarmaganmi? (zobt)
  5. Montaj yoki yolg‘on alomatlari bormi? (illat)

Agar shu bosqichlardan o‘tsa, xabarni qabul qilish mumkin.

Shulardan kelib chiqadi-ki. mustalahul hadis qoidalari faqat diniy ilm uchun emas, balki bugungi tezkor va ba’zan chalkash axborot zamonida ham nihoyatda dolzarbdir. Bu metodologiya insonni har qanday xabarni tekshirib, tahlil qilib, dalil asosida qabul qilishga o`rgatadi. Hadis ilmidagi ushbu yondashuv zamonaviy jamiyatda axborot xavfsizligi va media savodxonlikni oshirishda, garchi hozirgi kunda uning shartlarini to`liq topish amri mahol bo`lsa-da, juda foydali va dolzarbdir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Mahmud Tahhon „Taysiru mustalahil hadis” Riyad 2010.
  2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf „Mustalahul hadis” Toshkent 2024.
  3. Internet plattformasidan olingan ma`lumotlar.

Shohijahon Jamoliddinov

Ta`lim muassasasi 54-guruh talabasi