“G’aroibul-Qur’on va Rag’oibul-Furqon” tafsirida muallif nahviy qoidalardan foydalanishi
4. An-Naysoburiy “G’aroibul-Qur’on va Rag’oibul-Furqon” tafsirini Al-Faxr Ar-Roziyning"At-Tafsir ul-kabir”idan muxtasar qilgan, unga Az-Zamaxshariyning “Al-Kashshof”idan va boshqa tafsirlardan olgan iqtiboslarini hamda uning o’ziga Alloh berib qo’ygan fahm-farosati tufayli paydo bo’lgan fikrlarini qo’shgan. Sahobalar va tobi’iylarning tafsirlaridan olgan rivoyatlarni ham o’z o’rni kelganda tafsirga kiritib yuborgan. U tafsir asnosida o’zini juda erkin tutgan va qaysi tafsirdan iqtibos olarkan, unga o’sha onda munosabat bildirib, fosid joyini ogohlantirgan va isloh qilgan, nuqsonini tuzatgan va komil qilgan. Agar “Al-Kashshof”dan naql qilsa: “Al-Kashshofda shunday deydi” yoki “Jorulloh shunday
deydi”, - degan jumlalar bilan boshlaydi. Avval Az-Zamaxshariyning fikrini, keyin Ar-Roziyning unga qilgan e’tirozini keltiradi, undan keyin esa ikki muxolif orasidagi adolatli hakamdek o’z fikrini bayon etadi. Masalan:
وَالْأَرْضُ جَمِيعًا قَبْضَتُهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ
“Butun Yer qiyomat kunida Uning uchun bir siqimdir”[1] tafsirida An-Naysoburiy
shunday naql qiladi: “Jorulloh aytadi: “Bu oyatdan murod Alloh Ta’olo o’zining qudratini, ulug’ligini tasvirlab berish bilan insonlarni tafakkurga chorlashdir. Ammo “qabza”, “qo’l” tushunchalarining haqiqiy ham, majoziy ham ma’nosining bu yerda ahamiyati yo’q. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis ham shu ma’noni tasdiqlaydi: “Ahli kitoblardan bir odam kelib Payg’ambarimiz sallollohu alayhi va sallamga dedi: “Ey Abul Qosim, Alloh Ta’olo qiyomat kunida osmonlarni bir barmog’ida, Yerni yana birida, tog’ni yana birida, daraxtlarni yana birida, tuproqni yana birida, boshqa maxluqotni yana bir barmog’ida tutib, siqadi va: “Men podshohman!”, - deydi”. Payg’ambarimiz sallollohu alayhi va sallam uning gapidan ajablanib kuldilar. Alloh Ta’olo ushbu oyatni nozil qildi. Pag’ambarimiz sallollohu alayhi va sallam ahli kitobning gapidan kulganlariga sabab shuki, U zot arablarning afsahi bo’lganlaridan, barmoqni o’z ma’nosida, ushlashni o’z ma’nosida, siqishni o’z ma’nosida emas, balki balog’at va fasohat ulamolari tushungandek, xulosani, ya’ni Allohning qudratini tushunganlari uchun uning johilligidan ajablanib kulgan edilar".
Az-Zamaxshariy keyin yana uzundan-uzun gaplarni aytadi. Uning tafsiriga, daliliga va uzun gaplariga Al-Faxr Ar-Roziy shunday e’tiroz bildiradi: “Bu yerda gapni cho’zishning keragi yo’q. Axir, Qur’on oyatlarining ma’nosini haqiqatga hukm qilamizmi, yo’qmi? Aks holda Qur’on butunlay hujjatlikdan chiqib qoladi-ku! Har kim istagancha ta’vil qilaversa, kimning fikrini “Qur’onning haqiqiy ma’nosi shu deb”, hukm qilinadi. Keyinushbu oyatda ikki majoz bo’lsa, ikkisidan birining ta’yiniga dalil bo’lishi lozim. Shubhasiz, “ushlash”, “qo’l” so’zlari Allohda ham inson a’zolariga o’xshash a’zolar mavjudligiga ishora qiladi. Aqliy dalillar esa Allohning bunday a’zolar e’tiyojidan mustag’niy, pok ekanligiga ishora qiladi. Oyatning ma’nosini bunday tushunmovchilikdan xalos etish uchun, uni “Allohning tadbiri, tasxiri murod”, deb ta’vil qilinishi kerak. Masalan urfda ham: “Falonchi falonchining qo’lida ishlaydi”, - deyilsa, “qaramog’ida” degan ma’no tushuniladi. Qur’ondagi quyidagi oyatda ham وَمَا مَلَكَتْ يَمِينُك “Qo’l ostidagi cho’rilari...”[2] deyishlik bilan Alloh Ta’olo “ixtiyoridagi” degan ma’noni iroda qiladi. “Falonchining qo’li uzun” degani “tadbirkor” degan ma’noni bildiradi va hokazo...”[3].Bu munozaradan keyin An-Naysoburiy o’z fikrini bayon etadi: “Ar-Roziy aytgan gap usul yo’li, Jorulloh aytgan gap bayon yo’li bo’lib, ikkovi biroz qizishib ketgan bo’lsa ham, aslida ikkovining gapi bir-biriga zid emas. Mazkur oyat “mutashobih” oyatlardan bo’lib, bunday oyatlar haqida salafolimlari tutgan yo’l eng to’g’ri yoʻldir.
[1] Zumar surasi, 67-oyat.
[2] Ahzob surasi, 50-oyat.
[3] ص.324. محمد حسين الذهبي. التفسير والمفسرون // مكتبة وهبة – القاهرة.: 1961. -
Isoqjonov Muhammadibrohim
ta'lim muassasasi o'qituvchisi