Яратилиш санаси 20.04.2026

Bayzoviy va Zamaxshariy tafsirlarining lug’aviy aloqadorligi

Al-Bayzoviyning to’liq nomi qozil-quzot Nosiriddin Abul Xayr Abdulloh ibn Umar ibn Muhammad ibn Ali Al-Bayzoviy Ash-SHofi’iy bo’lib, jinsi Fors mamlakatidandir. Ibn Qozi SHahba “Tabaqot”ida shunday yozadi: “Al-Bayzoviy ko’p kitoblar muallifi, Ozarbayjon olimi va shayxi, SHerozning qozisi bo’lgan”.  As-Sabukiy ham u haqida: “Ulug’ imom, saxovatli inson, ibodatli valiy edi”, - deb guvohlik bergan.  Ibn Habib aytadi: “Barcha ulamolar uning asarlariga yuqori baho berganlar”. As-Sabukiy va Al-Asnaviyning yozishicha, Al-Bayzoviy olti yuz to’qson birinchi hijriy yilda, Ibn Kasirning shohidlik berishicha, olti yuz sakson beshinchi hijriy yidda Tabrizda vafot etgan. Bu tafsir o’rtacha hajmda bo’lib, unda mufassir tafsir bilan ta’vilning o’rtasini arab tili qoidalariga muvofiq jamlagan, dalillarni esa “ahli sunna val jamoa” e’tiqodiga muvofiq keltirgan. Al-Bayzoviy mazkur tafsirining muqaddimasida shunday yozadi: “Men ko’pdan sahobalarning ulug’laridan va tobi’iylarning ulamolaridan menga yetib kelgan tafsir va o’zim hamda mendan avval yashab o’tgan ulamolar istinbot qilgan fikrlar, nuqtalarni o’zida mujassam etgan, sakkiz qurrodan eshitilgan qiroat yo’llarini ham o’z ichiga olgan bir kitob yozishni orzu qilib yurardim. Ammo tayyorgarligim va to’plagan manbalarim yetarli bo’lmaganidan, men bu ulug’ ishni boshlashdan andisha qilib yurardim.  Alloh Ta’olo menga bu ishga kirishishim bashoratini berdi. Men niyat qilgan kitobimni “Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil”, deb nomladim”[1].

Al-Bayzoviyning mazkur tafsiri Az-Zamaxshariyning"Al-Kashshof" tafsiri muxtasaridir. Lekin Al-Bayzoviy mo’’taziliy e’tiqodiga aloqador narsalarni tark qilgan.  SHunga qaramasdan, tafsirda Az-Zamaxshariyning fikrini tasdiqlab qo’ygan joylari ham mavjud. Masalan, quyidagi oyat[2]:

الَّذِينَ يَأْكُلُونَ الرِّبَا لَا يَقُومُونَ إِلَّا كَمَا يَقُومُ الَّذِي يَتَخَبَّطُهُ الشَّيْطَانُ مِنَ الْمَسِّ ذَلِكَ بِأَنَّهُمْ قَالُوا إِنَّمَا الْبَيْعُ مِثْلُ الرِّبَا وَأَحَلَّ اللَّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا فَمَنْ جَاءَهُ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّهِ فَانْتَهَى فَلَهُ مَا سَلَفَ وَأَمْرُهُ إِلَى اللَّهِ وَمَنْ عَادَ فَأُولَئِكَ أَصْحَابُ النَّارِ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ 

“Sudxo’rlar (qiyomat kuni qabrlaridan) jin chalib ketgan odam (Jin chalib ketgan odamning qiyofasi hayvonlardan, masalan, maymun, it yoki cho’chqaga o’xshab qoladi yoki yuz qiyofasi o’zgarib, a’zolari qiyshayib, o’zini tik tutolmaydigan holga tushib qoladi) kabi (holatda) qo’padilar” 

 “...yuz qiyofasi o’zgargan holda turadi. Ularning gumonicha, insonni jin chalsa, og’zi-burni va boshqa a’zolari qiyshayib, asli holini yo’qotadi”. Muallif keyin “jin chalishni” jinnilikka tafsir qiladi va deydi: “Ularning yana bir gumonicha, “albatta jin odamni chalsa, u aqlini yo’qotadi”[3]

Al-Bayzoviyning keyingi tafsiri Az-Zamaxshariyning fikriga mos, ya’ni mo’’taziliylar, jumladan, Az-Zamaxshariyning e’tiqodicha, jin insonga faqat vasvasa va ig’vo qilish bilangina ta’sir o’tkazadi. SHuningdek, Al-Bayzoviy “Kashshof”ning muallifi qilganidek, har bir suraning oxirida, shu suraning fazilati, uni qiroat qilgan kishiga beriladigan ajr-savoblar bayon etilgan hadisni ham rivoyat qilib keltiradi. Holbuki, barcha ulamolar bu hadislarning yolg’onligiga ittifoq qilganlar. Tafsir va hadis ilmi bo’yicha ulamolar nazdida katta martabaga ega bo’lgan Al-Bayzoviydek olim uchun bunday yolg’on hadislarga aldanish va Az-Zamaxshariyga ergashib, ularni har bir sura oxirida keltirish katta nuqson hisoblanadi. Ammo Muhammad Husayn Az-Zahabiy o’zining “At-tafsir val-mufassirun” kitobida “Kashfuz-zunun” sohibining iborasini keltirib, Al-Bayzoviyning ma’zur ekanligini aytadi: “Ammo suralarning oxirida keltirilgan hadislarga kelsak, bu narsa Al-Bayzoviyning qalb oynasi o’ta sof, Parvardigorning tajalliysiga munosib ko’rilgan inson bo’lganini bildiradi. SHuning uchun u bag’rikenglik qilgan, hadislarning sahih yoki zaifligidan qat’i nazar targ’ib va ta’vilga astoydil bel bog’lagan va mana shu amal tufayli biroz qilingan xatoni afv etilishiga umid bog’lagan”[4]

Ammo Al-Bayzoviy o’z tafsirida boshqa mufassirlar, masalan, Al-Faxr Ar-Roziy, Ar-Rog’ib Al-Isfahoniyning tafsirlaridan ham foydalangan, ularga yana sahobalar va tobi’iylardan vorid bo’lganrivoyatlarni qo’shgan. Buning ustiga aql va farosat bilan nozik latifalar, nuktalar va istinbotlarni tafsir orasiga kiritib yuborganki, bu ajoyib uslub tafsirning jozibasini oshirgan. Al-Bayzoviyning tafsirida mutavotir yoki shoz rivoyatligiga qaramasdan keltirilgan bo’lsa ham qiroatlar, qisqa bo’lsa ham nahviy qoidalar, ahkom oyatlarining tafsirida fiqqiy masalalar bayon etilgan.  Ba’zi mufassirlarda kuzatilganidek, Al-Bayzoviy ham o’zi taqlid qiladigan SHofe’iy mazhabining afzalligini aytib o’tishga fiqhiy masalalarda ahamiyat bergan. Al-Bayzoviy tafsirining ko’p joyida “ahli sunna” mazhabi bilan bir qatorda “mo’’taziliy” mazhabini ham astoydil taqrir qilganining guvohi bo’lamiz. Masalan, quyidagi oyat[5]:

ذَلِكَ الْكِتَابُ لا رَيْبَ فِيهِ هُدًى لِلْمُتَّقِينَ الَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِالْغَيْبِ وَيُقِيمُونَ الصَّلاةَ وَمِمَّا رَزَقْنَاهُمْ يُنْفِقُونَ

“(Qur’on) taqvodorlar uchun hidoyat manbaidirkim, ular g’oyib (diniy xabarlarga) imon keltiradigan, namozni mukammal o’qiydigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir”.

Bu oyatning tafsirida “imon” va “nifoq” haqida “ahli sunna val-jamoa”, mo’’tazila va xorijiylarning fikrlarini to’la keltirgan va “ahli sunna”ning mazhabini quvvatlab qo’ygan”[6].

Mazkur oyatning: “Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladilar”, - degan jumlasi tafsirida “rizq” haqidagi “ahli sunna” va mo’’tazila fikrlarini batafsil bayon etib, bu boradagi “ahli sunna” e’tiqodini tarjih qiladi. 

Al-Bayzoviy o’z tafsirida isroiliyotlarni juda kam rivoyat qilgan. Zarurat jihatidan rivoyat qilgan joylarida ham “rivoyat qilingan”, “aytilgan” deb zaifligiga ishora qiladi. Masalan quyidagi oyatda:[7]

فَمَكَثَ غَيْرَ بَعِيدٍ فَقَالَ أَحَطتُ بِمَا لَمْ تُحِطْ بِهِ وَجِئْتُكَ مِنْ سَبَإٍ بِنَبَإٍ يَقِينٍ

“So’ng uzoq vaqt qolmay (hudhud kelib) dedi: “Men sen ogoh bo’lmagan narsalardan ogoh bo’ldim va senga Saba’ (shahri)dan ishonchli xabar keltirdim”.

Mufassir ushbu oyatni tafsir qilib bo’lgandan keyin, Sulaymon payg’ambar haqida, u Baytul-muqaddasni qurib bitkazib, hajga tayyorgarlik qilgani haqida rivoyat keltiradi va unda keltirilgan odatdan tashqari ko’ringan narsalar oddiy narsalar ekanligini aytib, bu rivoyatning sahihligiga o’ta ishonch yo’qligiga ham ishora qiladi: “Allohning qudratiga, uning ajoyibotlariga dalolat qiluvchi,  Alloh tomonidan o’zining xos bandalariga bergan bundan ham ulug’ mo’’jizalar borki, uning guvohi bo’lgan kishi ajoyibligini biladi, ko’rmagan kishi esa inkor qiladi”[8]

Al-Bayzoviy o’z tafsirida ko’proq Ar-Roziyning tafsiridan foydalangani uchun, olam va tabiat haqidagi oyatlariga duch kelganda, ularni befarq qoldirmasdan, juda keng sharhlagan. 

Xulosa qilib aytganda, Qoziy Al-Bayzoviyning “Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil” nomli tafsir kitobi, shu uslubda yozilgan barcha tafsirlarning eng mo’’tabari, Allohning kalomini to’g’ri va mukammal tushunishni, uning sir-asrorini bilishni istagan har bir tolib uchun ajoyib manbadir.

Az-Zamaxshariyning to’liq nomi Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar Al-Xorazmiy Al-Imom Al-Hanafiy Al-Mo’’taziliy bo’lib, laqabi “Jorulloh”, to’rt yuz oltmish yettinchi hijriyda Xorazmning Zamaxshar qishlog’ida tug’ilgan. Bag’dodga kelib, ustozlar huzurida ta’lim olgan. Xurosonga bir necha marta borgan. Qaerga bormasin, atrofiga odamlar yig’ilib, unga shogird bo’lishgan.  Kim bilan munozara qilmasin, u taslim bo’lib, Zamaxshariyndng ilmini e’tirof etgan. SHunday qilib, uning ovozasi butun olamga yoyildi va zamonasining yagona allomasiga aylandi.

“Al-Kashshof” garchi e’tizoliy aqidaga muvofiq yozilgan bo’lsa ham, bundan qat’iy nazar juda yuqori qimmatga ega bo’lgan tafsirdir. Qur’oni Karimning mo’’jizlik siri, nazmining go’zalligi va balog’atdagi yuksak darajasi muallif tomonidan ochib berilgan. Buning sababi Az-Zamaxshariyning juda ko’p ilm sohalarini, xususan, arab lug’atining jozibakorligi, ash’orlar, balog’at, bayon, e’rob, adab ilmlarini mukammal bilganligidir.

Ash-Shayx Haydar Al-Haraviy “Al-Kashshof” haqida o’zining fikr-mulohazalarini bayon etib, bu tafsir nihoyatda yuqori saviyada yozilganini ta’kidlaydi.  Uning yozishicha, tafsir jarayonida u oyatning zohiriy ma’nosida, ortiqcha balog’iy nuktalarsiz mo’taziliylik aqidasini ilgari surishga intilganini kuzatishimiz mumkin.  

Az-Zamaxshariy tasavvuf borasida ham tafsir qilish jarayonida ahli sunna val jamoa aqidasiga zid fikrlarni bayon qilib, Allohning valiylarini ham qattiq tanqid ostiga oladi. Misol uchun:[9] يُحِبُّهُمْ وَيُحِبُّونَهُ  “Ularni Alloh sevadi va ular ham Allohni sevadilar”, oyatining tafsirida ham bunday holatni kuzatish mumkin. 

Alloma Ibn Xaldun Az-Zamaxshariyning tafsirini shunday ta’riflaydi: “Tafsirlarning balog’at, fasohat va til sohasida eng go’zal yozilgani Xorazm elidan bo’lgan Az-Zamaxshariyning “Al-Kashshof” tafsiridir. Muallif aqidada e’tizoliydir. Qur’on oyatlariga fikr bildirayotgandao’zining ana shu fosid aqidasi nuqtai nazaridan hujjatlashadi, shuning uchun “ahli sunna” ulamolari jumhurni doim uning tuzog’idan ehtiyot bo’lishga chaqiradilar. Lekin til va balog’at ilmini yaxshibilishiga e’tiroz yo’q. Agar tolib mazohibi saniyyadan voqif bo’lib, e’tiqodi mustahkam bo’lsa, u holda unga qarshiligimiz yo’q, “Al-Kashshof”ni mutolaa qilib, muallifning til sohasidagi san’atini, uning benazirligini ko’rib ibrat olsin.

Alloma Tojiddin As-Sabukiy o’zining “Mu’idun-ni’am va mubidun-niqam” kitobida shunday yozadi: “Bilingki, albatta, “Al-Kashshof” tafsiri ulug’ kitobdir, uning muallifi o’z fanida imomdir. Lekin u bid’atchi odam bo’lib, o’z bid’atini oshkora qiluvchidir. Payg’ambarning qadrini tushirishdan, “ahli sunna”ga beadablik qilishdan tortinmaydi[10].

Xulosa qilib aytganda Imom Zamaxshariyning “Kashshof” asari e’tiqodiy jihatdan “ahli sunna” mazhabiga hujjat bo’lmasada, lekin nahv va balog’at qoidalari borasida tayaniladigan, mo’tabar manbalardan hisoblanadi. 

[1] أبو يعلى البيضاوي. أنوار التنزيل وأسرار التأويل // دار المعرفة – بيروت.: 2012. – ص. 6. 

[2] Baqara surasi, 275-oyat. 

[3] محمود بن عمر الزمخشري. الكشاف عن حقائق التنزيل وعيون الأقاويل في وجوه التأويل // دار المعرفة. – بيروت.: 2012. – ص. 267.

[4] ص.324. محمد حسين الذهبي. التفسير والمفسرون // مكتبة وهبة – القاهرة.:1961- 

[5] Baqara surasi, 1-2-oyat. 

[6] .53-56 أبو يعلى البيضاوي. أنوار التنزيل وأسرار التأويل // دار المعرفة – بيروت.: 2012. – ص. 

[7] Naml surasi, 22-oyat.

[8] .115 أبو يعلى البيضاوي. أنوار التنزيل وأسرار التأويل // دار المعرفة – بيروت.: 2012. – ص. 

[9] Moida surasi, 54-oyat. 

[10] Rahmatullo Obidov. Qur’on va tafsir ilmlari // Toshken Islom unversiteti nashriyoti-matba birlashmasi – T.: 2003. – B. 166.

Isoqjonov Muhammadibrohim

ta'lim muassasasi o'qituvchisi