Яратилиш санаси 02.06.2026

Oli Imron surasi ilk oyatlari fonetik va semantic tahlili

Sibavayh va Al-Farro Bahsi Kontekstida va aniqlik artikli («ال») ustidagi daqiq bahs
​Yoʻnalish: Qurʼon tafsiri, Arab tilshunosligi (Nahv), Fonetika va Kalom falsafasi.
Kirish
​Qurʼoni Karim nozil boʻlgan davrdanoq uning qiroat shakllari va fonetik xususiyatlari arab tili grammatikasining shakllanishiga asos boʻlib xizmat qilgan. Ushbu qonuniyatlarning eng yorqin namunasini Oli Imron surasining ilk oyatidagi «الم * اللَّهُ» (Alif, Lom, Mim. Alloh...) kalimalarining oʻqilishida koʻrishimiz mumkin. Jumladan, Imom Fahriddin ar-Roziy oʻzining «Tafsirul Kabir» asarida bu oʻrindaga fonetik hodisani shunchaki grammatik qoida emas, balki Islom aqidasi va tavhid tizimini himoya qiluvchi falsafiy asos sifatida taqdim etadi. Ushbu maqolada «Mim» harfining fathalanishi sabablari hamda arab tili nahv maktablarining (Basra va Kufa) aniqlik artikli («ال» — alif-lom) tabiati borasidagi fundamental bahsi tahlil qilinadi.

 Qiroatlardagi variativlik va muammoning qoʻyilishi.
​Oli Imron surasining boshlanishida «Mim» harfini keyingi jallat lafzi («Alloh») bilan bogʻlashda ikki xil yirik qiroat maktabi mavjud: ​Osim qiroati (Abu Bakr rivoyati): «Mim» harfi sukunli, «Alloh» lafzi esa yangitdan, ochiq hamza bilan boshlanadi: [Mîm. Allāhu]. Bu yerda maqsad — matnni boʻlish orqali Alloh ismini ulugʻlash (taʼzim)dir.
​Jumhur (koʻpchilik) qorilar qiroati: «Mim» harfi fathali qilinib, keyingi soʻzga bogʻlanadi: [Mîmal-lāhu].
​Olimlarni asrlar davomida oʻylantirib kelgan muammo shundan iborat: Asli sukun bilan tugashi shart boʻlgan «Mim» harfi nega birdaniga fatha (zabar) harakatini oldi? Ushbu savolga Kufa maktabi yetakchisi Al-Farro va Basra maktabi otasi Sibavayh ikki xil prinsipial yondashuvni taklif qiladilar.

Al-Farro Mazhabi

Hamza Harakatining Koʻchishi (Naqlul Haraka)
​Kufalik tilshunos Al-Farro (vaf. 207 h./822 m.) fikricha, «Alif, Lom, Mim» kabi hurufi muqattaʼalar tabiatan mustaqil ismlardir va ularning oxiri sukunli boʻladi (Mîm). Undan keyin kelayotgan «Alloh» (اللَّهُ) lafzi esa aslida Al-Ilāh (الإلَاه) soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, uning boshidagi alif qatʼiy (talaffuz qilinishi shart boʻlgan) hamzadir.
​Al-Farro nazariyasiga koʻra, tildagi yengillikni saqlash uchun «Alloh» soʻzining boshidagi hamza oʻchirilgan (hazf), lekin uning fathali harakati oʻzidan oldingi sukunli «Mim» harfiga koʻchirilgan (naql).
​Al-Farro mantiqi: «Mim» ustidagi fatha — aslida «Mim»ning oʻz harakati emas, balki tushib ketgan «Alloh» soʻzi hamzasining harakatidir. Bu harakat hamzaning koʻrinishda yoʻq boʻlsa-da, maʼnan oʻsha yerda turganiga ishoradir.

Sibavayh mazhabi va aniqlik artikli («ال») ustidagi daqiq bahs.
​Basralik buyuk tilshunos Sibavayh (vaf. 180 h./796 m.) Al-Farroning bu qarashini mutloq rad etadi. Fahriddin ar-Roziy ham bu oʻrinda Sibavayh tomonida turib, uning argumentlarini uchta fundamental muqaddima orqali isbotlaydi. Bu bahsning markazida aniqlik artikli (ال) turadi.
Aniqlik Artikli («ال») Aslida Nima?
​Arab tilshunosligida soʻzni aniqlik (maʼrifa) holatiga oʻtkazuvchi artikl har doim munozarali boʻlgan. Sibavayh mazhabiga koʻra:
​Haqiqiy artikl — faqatgina «Lom» (ل) harfidir. Va bu «Lom» tabiatan harakatsiz, yaʼni sukunlidir (l-).
​Arab tili qonuniyatlariga koʻra, sukunli harf bilan soʻz boshlab boʻlmaydi (Imtinaʼu-t-taktib bis-sakin).
​Shuning uchun, sukunli «Lom» harfini talaffuz qilib olishga koʻmakchi (vositachi) sifatida uning oldiga Vasl hamzasi (هَمْزَةُ الوَصْلِ) keltiriladi va u fatha bilan harakatlantiriladi (Al-).
​Xulosa: «Alif-lom» tarkibidagi alif (hamza) soʻzning asliy qismi emas, balki faqat va faqat sukunli «Lom»ni aytib olish uchun xizmat qiladigan "fonetik koʻprik" (vositachi) xolos.
Vasl Hamzasining Yoʻqolish Qonuniyati
​Sibavayh tizimida vositachining (vasl hamzasining) mavjudlik sharti — oʻzidan oldin harakatli soʻz kelmasligidir.
Agar «Al-» artikli bilan boshlanuvchi soʻzdan oldin boshqa bir harf kelsa, endi oʻsha oldingi harf yordamida sukunli «Lom»ni aytib olish imkoni tugʻiladi. Bu holatda vasl hamzasiga hech qanday ehtiyoj qolmaydi. Natijada, vasl hamzasi suratan (yozuvda), maʼnan (maʼnoda), haqiqatan va hukman butunlay oʻchib ketadi. Uning hech qanday asari qolmaydi.
Ikki Sukun Toʻqnashuvi (Iltiqoi Sokinalar)
​Ushbu qoidadan kelib chiqib, «الم * اللَّهُ» birikmasini tahlil qilamiz:
​«Mim» harfining oxiri sukunli: Mîm (مْ).
​«Alloh» lafzi boshidagi «Al-» artiklining «Lom» harfi ham sukunli (لْ). (Chunki oldinda harf borligi uchun vasl hamzasi butunlay yoʻq boʻlib ketdi).
​Natijada ikki sukunli harf ketma-ket kelib qoldi: Mîm (مْ) + Lom (لْ).
​Arab tilida bunday ikki sukunning yonma-yon kelishi talaffuzni imkonsiz qiladi. Shuning uchun qoida boʻyicha birinchi sukunli harf («Mim») harakatlantirilishi shart edi.

Nega Aynan Fatha (Zabar) Tanlandi? Fonetik Tahlil
​Odatda arab tilida ikki sukun toʻqnashganda, birinchi harfga kasra (zir) harakati beriladi (Masalan: Qulil-haq). Ammo Oli Imron surasida nega kasra emas, fatha tanlandi? Ar-Roziy bu yerda fonetik garmoniya va yengillik qonunini koʻrsatadi:
​Azzajjoj fikri: «Mim» harfidan oldin mad (choʻziq) «Yaa» harfi bor (Mîîîm). Agar «Mim»ni kasrali qilsak (Mîmi), til ketma-ket ikki ogʻir harakatga (Yaa va Kasra) duch keladi. Bu esa talaffuzni ogʻirlashtiradi. Shuning uchun eng yengil harakat — fatha tanlandi.
​Ar-Roziyning mukammallashtirgan fikri: Agar «Mim» kasra qilinsa, undan keyin kelayotgan «Alloh» lafzidagi yoʻgʻon va ochiq talaffuz qilinuvchi «Alif»ga oʻtish kerak boʻladi. Til eng ogʻir harakatdan (kasra) birdaniga eng yengil harakatga (alif/fatha) sakrashi kerak. Ziddiyatli harakatlarning dabdala koʻchishi tilga qiyindir. «Mim»ni fatha qilish esa («Mîma...») tilning «Alloh» lafzidagi alifga juda silliq va oson oʻtishini taʼminlaydi.

Xulosa 
​Ushbu tilshunoslik bahsi shunchaki quruq grammatika emas. Fahriddin ar-Roziy ushbu mantiqiy zanjir orqali Kufa maktabining «Alloh lafzidagi hamza oʻchirilgan va uning asari qolgan» degan fikrini parchalaydi.
​Sibavayh qoidasi orqali isbotlanadiki, «Alloh» kalimasining boshidagi «Alif-Lom» (ال) — mutloq komillik, aniqlik va yagonalikni ifodalovchi artikldir. Undagi vasl hamzasining butunlay yoʻq boʻlishi va «Al-Hayyul Qayyum» sifatlariga silliq ulanishi, Ilohiy vujudning hech qanday boʻlaklarga, oʻzgarishlarga yoki nuqsonlarga muhtoj emasligiga ishoradir.
​Shu tariqa, «Mim» harfining fathalanishi — tilning eng goʻzal fonetik imkoniyati orqali, Islom tavhidining eng oliy choʻqqisi boʻlmish «Alloh – Hayy va Qayyumdir (Iso nasroniylar aytgandek iloh emas, balki U mutloq va tengsiz zotdir)» degan aqidaviy haqiqatga xizmat qiladi.
​Adabiyotlar:
Fahriddin ar-Roziy, «Mofatihul Gʻayb» (Tafsirul Kabir), Oli Imron surasi tafsiri.
Sibavayh, «Al-Kitab», Arab nahvshunosligi asoslari.
Al-Farro, «Maʼonil Qurʼon», Kufa maktabi qoidalari.

Abobakirov Muhammadyusuf

ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi