Яратилиш санаси 18.06.2026

Islomda insonning dunyo bilan aloqasi

Muqaddima
Islom dini dunyoni butunlay tark etishga ham, unga mukkasidan ketishga ham buyurmaydi. Balki musulmonning dunyoga bo‘lgan munosabatini mo‘tadillik asosida quradi. Dunyo — oxirat uchun ekin maydoni, sinov maskani va Allohning ne’matlari bilan bandalarini imtihon qiladigan joyidir. Musulmon dunyodan foydalanadi, ammo qalbini unga bog‘lab qo‘ymaydi.

Alloh taolo shunday deydi: «U sizlarni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan Zotdir: qaysi biringiz amalda yaxshiroq ekaningizni bilish uchun.» (Mulk surasi, 2-oyat)

Bu oyat dunyoning asl vazifasi sinov ekanini ko‘rsatadi.
Dunyo — oxirat uchun vosita
Alloh taolo aytadi: «Alloh senga bergan narsalar bilan oxirat diyorini istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin.» (Qasos surasi, 77-oyat)
Ushbu oyat musulmonning hayot dasturidir. Unda ikki jihat jamlangan:

Asosiy maqsad — oxirat.
Dunyodagi halol ne’matlardan foydalanish ham joiz. Demak, Islom dunyoni rad etmaydi, balki uni oxiratga xizmat qildirishni buyuradi.

Dunyoga haddan ortiq bog‘lanishning xavfi
Alloh taolo aytadi: «Bu dunyo hayoti aldaguvchi matodan boshqa narsa emas.» (Oli Imron surasi, 185-oyat)
Yana shunday deydi: «Bilingki, dunyo hayoti o‘yin-kulgi, behuda mashg‘ulot, ziynat, o‘zaro maqtanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko‘paytirishdan iboratdir.» (Hadid surasi, 20-oyat)

Bu oyatlar dunyoning o‘tkinchi ekanini va unga mahliyo bo‘lib qolish insonni Allohdan uzoqlashtirishini bildiradi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dunyo haqidagi nasihatlari
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Dunyoda go‘yo g‘arib yoki yo‘lovchi kabi bo‘l.» dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati)

Ibn Umar roziyallohu anhumo shunday der edilar: «Kechga qolsang, tongni kutma; tongga yetsang, kechni kutma.»

Bu hadis musulmonning qalbi dunyoga bog‘lanib qolmasligi lozimligini o‘rgatadi.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar dunyo Alloh huzurida chivin qanotichalik qadrli bo‘lganida edi, kofirga undan bir qultum suv ham bermas edi.» (Imom Termiziy rivoyati) Bu hadis dunyoning Alloh huzuridagi haqiqiy qiymati qanchalik oz ekanini ko‘rsatadi.

Musulmonning dunyodagi vazifasi
Islom musulmonni dangasalikka chaqirmaydi. Aksincha, mehnat qilish, halol kasb topish va jamiyatga foyda keltirishga buyuradi. Alloh taolo aytadi: «Yer yuzida yuringlar va Allohning rizqidan yenglar.» (Mulk surasi, 15-oyat)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Hech kim o‘z qo‘li bilan mehnat qilib topgan rizqdan ko‘ra yaxshiroq taom yemagan.» (Imom Buxoriy rivoyati)

Shuning uchun Islomda boylikning o‘zi yomon emas. Yomon narsa — boylikning qalbni egallab olishi.

Dunyo qo‘lda bo‘lsin, qalbda emas
Sahobalar orasida juda boy kishilar bo‘lgan. Masalan, Usmon ibn Affon va Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhumo katta boylik egalari edilar. Ammo ularning qalblari dunyoga bog‘lanmagan, boyliklarini

Alloh yo‘lida sarflaganlar.
Shuning uchun ulamolar: «Zuhd qo‘lingdagi narsani tashlash emas, qalbingdagi bog‘liqlikni uzishdir», deganlar.

Dunyoni sevishning oqibatlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Har bir ummatning fitnasi bor. Mening ummatimning fitnasi mol-dunyodir.» (Imom Termiziy rivoyati)
Yana: «Dunyoni sevish har bir xatoning boshidir.» (Ma'nosi mashhur bo‘lsa-da, hadis sifatida sahih emas.)
Haqiqatan ham dunyoga haddan ortiq muhabbat: hasadni, baxillikni, kibru havoni, zulmni, gunohlarni keltirib chiqaradi.

Oxiratni unutmagan holda dunyoda yashash
Alloh taolo mo‘minlarni maqtab: «Shunday kishilar borki, ularni na tijorat va na savdo Allohni zikr qilishdan chalg‘itmaydi.» (Nur surasi, 37-oyat)
Musulmonning namunasi mana shudir: savdo qiladi, ishlaydi, o‘qiydi, oila boqadi, ammo namozni, zikrni va oxiratni unutmaydi.

Xulosa
Islomda insonning dunyo bilan aloqasi muvozanat asosiga qurilgan. Musulmon dunyoni maqsad emas, vosita deb biladi. U dunyoda mehnat qiladi, halol rizq topadi, oilasini ta’minlaydi, ilm oladi va jamiyatga foyda keltiradi. Biroq qalbini dunyoga bog‘lab qo‘ymaydi, chunki haqiqiy hayot oxirat hayotidir.
Alloh taolo aytadi: «Oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir.» (A'lo surasi, 17-oyat)
Shu bois mo‘minning shiori: Dunyo qo‘lda bo‘lsin, qalbda bo‘lmasin; qalb esa doimo Alloh va oxirat bilan bog‘liq bo‘lsin.

Alloh taolo mo‘minlarni maqtab: «Shunday kishilar borki, ularni na tijorat va na savdo Allohni zikr qilishdan chalg‘itmaydi.» (Nur surasi, 37-oyat). Musulmonning namunasi mana shudir: savdo qiladi, ishlaydi, o‘qiydi, oila boqadi, ammo namozni, zikrni va oxiratni unutmaydi.

Abdurazzaqov Abbosbek

ta'lim muassasasi 2-kurs talabasi