Fiqhiy qoida sharhi
القاعدة: «أن ما هو مشغول بالحاجة الأصلية يعتبر معدوما»
Qoida: "Asliy ehtiyoj uchun band qilingan narsa yo'q hukmidadir"
Ushbu qoida mukallaf (shariat hukmlari buyurilgan shaxs)lardan qiyinchilik va zararni ketkazishni tasdiqlaydi. Shuningdek, u Islom dinining o'z hukmlaridagi bag'rikengligi va yengilligini, insonlarning ehtiyojlarini inobatga olib, ehtiyoj uchun band qilingan narsani boshqasidan muqaddam qo'yishini bayon qiladi. Bu qoida «Band qilingan narsa (boshqa narsa bilan) band qilinmaydi» degan umumiy qoidaning bir tarmog'idir; chunki u insonning boshqa ishlari uchun emas, aynan (asliy) ehtiyoji bilan band bo'lgan ashyolarga xosdir.
Insonning mulkidagi ashyolar, agar u voz kechib bo'lmaydigan asliy (zaruriy) ehtiyojlaridan biriga haqiqatan yoki taqdiran band qilingan bo'lsa, u yo'q hukmida sanaladi. Shunday qilib, o'sha narsaning mavjudligiga bog'liq bo'lgan shar'iy huquqlar va hukmlar unga nisbatan qo'llanilmaydi. Bunga o'zi bilan faqatgina ichishga yetadigan suvi bor musofir misol bo'ladi. Agar u bu suv bilan tahorat qilsa, chanqoq sabab o'zining halok bo'lishidan qo'rqadi. Bunday holatda unga tayammum qilish joiz bo'ladi va haqiqatda mavjud bo'lgan suv hukman yo'q deb hisoblanadi. Chunki u insonning asliy ehtiyoji uchun band qilingan bo'lib, ehtiyoj bilan band narsa yo'q hukmidadir.
Bu qoida umumiy jihatdan faqihlar o'rtasida ittifoq qilingan (yakdil) qoidadir. Bu narsa ularning qoidaga oid ayrim tarmoq masalalarida yakdil ekanliklaridan ham ma'lum. Imom Navaviy shunday deydilar:
*«Chanqoq sababli suvga muhtoj bo'lgan kishi xuddi suvi yo'q kishi kabi sanaladi va suv bor bo'lsa-da, tayammum qiladi. Bunda hech qanday ixtilof yo'q. Ibn Munzir va boshqalar bu borada ijmo' (barcha ulamolarning yakdilligi) borligini naql qilishgan».
Qoidaning dalili: Sahl ibn Sa'd as-Soidiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir ayol kelib: «Men o'zimni sizga hibba qildim (bag'ishladim)», dedi va uzoq turib qoldi. Shunda bir kishi: «Ey Allohning Rasuli, agar u ayolga ehtiyojingiz bo'lmasa, uni menga nikohlab qo'ying», dedi. Rasululloh: «Unga mahr qilib berishga biror narsang bormi?» deb so'radilar. U kishi: «Menda shu izorimdan (pastki kiyimimdan) boshqa hech narsa yo'q», dedi. Rasululloh: «Agar uni unga bersang, o'zing izorsiz o'tirib qolasan-ku. Boshqa biror narsa qidir», dedilar. U kishi: «Hech narsa topolmayapman», dedi. Rasululloh: «Temirdan bo'lgan biror uzuk bo'lsa ham qidirib top», dedilar.
Dalolat qilish jihati:
Ushbu hadis shunga dalolat qiladiki, izor u kishining o'z ehtiyoji uchun band bo'lganligi sababli yo'q hukmida hisoblangan.
Bu qoidaning misollari va masalalaridan:
Imom Marg'inoniy rahimahulloh aytadilar:«Mol-mulkini to'liq qamrab oladigan (ya'ni bor puliga teng) qarzi bor kishiga zakot vojib bo'lmaydi. Chunki bu mol uning asliy ehtiyoji (qarzni uzish) uchun band qilingan. Shu sababli, u xuddi chanqog'ini qondirish uchun zarur bo'lgan suv kabi yo'q deb e'tibor qilinadi».
Shuningdek: «Agar faqih (olim) juda katta mablag'ga teng keladigan kitoblarga ega bo'lsa-yu, ammo o'zi u kitoblarga muhtoj bo'lsa, unga zakot/sadaqa olish halol bo'ladi. Magaram ehtiyojidan tashqari yana ikki yuz dirhamga teng keladigan ortiqcha mulkka ega bo'lsagina, sadaqa olishi mumkin emas».
Shuningdek: «Kishining faqat yashash joyi va (xizmatini qiladigan) xodimiga yetadigan puli bo'lsa-yu, undan keyin haj qilish uchun yetarli miqdorda mablag' qolmasa, unga haj qilish vojib bo'lmaydi. Chunki bu mablag' asliy ehtiyoj uchun band qilingan bo'lib, ehtiyoj bilan band narsa shar'an yo'q hukmidadir".
Ismoilov Akramxon
ta'lim muassasasi o'qituvchisi