Яратилиш санаси 26.06.2026

Masjidlarda bo‘ladigan malakaviy amaliyot bo‘yicha talabalarga zarur tavsiyalar berildi

2026-yil 26-iyun kuni“Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida talabalarni yozgi ta’til davrida o‘tkaziladigan malakaviy amaliyotga puxta tayyorlash maqsadida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda ta’lim muassasasi direktori Q. Mirzabayev, Ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari R.Nasriddinov, ustoz va talabalar ishtirok etdilar. Suhbat davomida yozgi ta’til davrida masjidlarda malakaviy amaliyot o‘taydigan talabalar zimmasidagi vazifalar, masjid faoliyatida faol ishtirok etish,  jamoat bilan muomala madaniyati, imom-xatib va masjid mutasaddilarining topshiriqlarini mas’uliyat bilan bajarish, diniy-ma’rifiy tadbirlarda qatnashish hamda masjid obodonchiligi ishlariga hissa qo‘shish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, talabalarga amaliyot davrida odob-axloq namunasi bo‘lish, muhtoj va ehtiyojmand insonlarga yaxshilik qilish, yoshlar bilan ishlashda muloyimlik va bag‘rikenglikni namoyon etish, diniy masalalarda faqat ishonchli manbalar va ustozlar ko‘rsatmalariga amal qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Tadbirda so‘z olgan ustozlar malakaviy amaliyot talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, masjid faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda kelgusidagi kasbiy faoliyatlari uchun muhim tajriba maktabi ekanini ta’kidlab, ushbu davrdan unumli foydalanishga chaqirdilar. 

Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda yozgi ta’til davridagi malakaviy amaliyotni namunali tarzda o‘tash bo‘yicha zarur tavsiyalar bilan tanishdilar.

Ta’lim muassasasi Matbuot xizmati