ILM-FAN VA DIN — ZIDDIYATMI YOKI HAMKORLIK?
Kirish
Insoniyat tarixi davomida ilm-fan va din o'rtasidagi munosabat ko'plab bahs-munozaralarga sabab bo'lib kelgan. Ba'zi qarashlarda bu ikki soha bir-biriga zid, hatto bir-birini inkor etuvchi hodisalar sifatida talqin qilingan. Biroq islom dini nuqtai nazaridan bu masala butunlay boshqacha yechimga ega: ilm-fan va din bir-birini rad etmaydi, balki inson kamolotiga xizmat qiluvchi ikki hamkor yo'ldir.
Qur'oni karimning birinchi nozil bo'lgan oyati bevosita ilmga chaqiriq bilan boshlanadi:
"Yaratgan Robbing nomi bilan o'qi! U insonni (bachadonga) osilib turuvchi narsadan yaratdi. O'qi! Va Robbing eng ulug'dir. U (Robbing) qalam bilan (yozishni) o'rgatgan zotdir. U insonga bilmagan narsalarini o'rgatdi" (Alaq surasi, 1–5-oyatlar).
Shuningdek, Alloh taolo ilm ahli bilan johillarni teng qo'ymasligini bunday bayon qiladi:
"Ayt: bilganlar bilan bilmaganlar teng bo'ladimi?!" (Zumar surasi, 9-oyat).
Yana bir oyatda ilm ahlining martabasi shunday ulug'lanadi:
"Alloh sizlardan iymon keltirganlarning va ilm berilganlarning darajalarini yuksaltiradi" (Mujodala surasi, 11-oyat).
Hadisi shariflarda ilmning o'rni
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ilm talab qilishni har bir musulmonning burchi deb belgilaganlar:
"Ilm talab qilish har bir musulmon erkak va ayolga farzdir" (Ibn Moja rivoyati).
Boshqa bir hadisda ilm yo'lidagi mehnatning ajr-savobi haqida shunday deyilgan:
"Kim ilm izlab bir yo'lga kirsa, Alloh unga jannatga boradigan yo'lni osonlashtiradi" (Imom Muslim rivoyati).
Yana bir hadisda olimlarning martabasi quyidagicha ta'kidlangan:
"Olimning obidga (ibodat qiluvchiga) nisbatan afzalligi mening oddiy sahobalarimning eng pastiga nisbatan afzalligi kabidir" (Termiziy rivoyati).
Sahobalar so'zlaridan
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ilmning mol-dunyodan ustunligi haqida shunday degan edilar:"Ilm senga qo'riqchi, mol esa senga qo'riqlanuvchidir. Ilm hukm chiqaradi, mol esa hukm ostidadir". Shuningdek, ikkinchi xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: "Amal qilishdan oldin ilm o'rganinglar" — deb ta'kidlagan edilar, bu bilan har qanday ishning ilm asosida qilinishi zarurligini uqtirganlar.
Tarixiy dalillar
O'rta asrlar islom olamida yashab o'tgan buyuk allomalar — Imom Buxoriy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Beruniy, Ulug'bek kabi zotlar bir vaqtning o'zida ham chuqur diniy ilmga, ham dunyoviy fanlarga (tibbiyot, matematika, astronomiya) ega bo'lishgan. Bu boy meros aql bilan vahiyning, dunyoviy va diniy bilimning bir inson qalbida uyg'un yashashi mumkinligini isbotlaydi.
Zamonaviy nuqtai nazar
Bugungi kunda fanning turli sohalarida qilinayotgan kashfiyotlar ko'p hollarda Qur'onda bayon etilgan haqiqatlarni tasdiqlab bermoqda. Bu esa ilm-fan bilan dinning bir-biriga qarama-qarshi emas, balki insonni haqiqatga yetaklovchi ikki yo'l ekanligini yana bir bor ko'rsatadi.
Xulosa
Ilm-fan va din — bir-birini inkor etuvchi emas, balki bir-birini to'ldiruvchi ikki qanotdir. Aql insonni tadqiqotga yetaklasa, imon unga ma'no va maqsad beradi. Ana shu ikki qanot bilan uchgan inson haqiqiy kamolotga erishadi.
FOYDALANILGAN MANBALAR
1.Qur'oni karim va uning o'zbek tilidagi ma'nolar tarjimasi. — Toshkent: Toshkent islom universiteti nashriyoti.
2.Imom Buxoriy. Sahihi Buxoriy (Hadis to'plami). — Toshkent, 2000.
3.Imom Muslim. Sahihi Muslim (Hadis to'plami).
4.Ibn Moja. Sunan Ibn Moja.
5.Imom Termiziy. Jomi' at-Termiziy.
6.Hokim Naysoburiy. Al-Mustadrak alas-Sahihayn.
7,Imom Bayhaqiy. Shu'abul-iymon.
8.Usmonxo'jayev A. Islom va ilm-fan uyg'unligi. — Toshkent: Ma'naviyat, 2018.
Hamidullayev Islomjon
Hidoya o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabasi