OTA-ONA VA FARZAND MUNOSABATLARI
Annotatsiya
Ushbu maqolada ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda islomiy tarbiya tamoyillarining o‘rni hamda ularning ilmiy-ma’naviy manbalari tahlil etiladi. Maqola mazmuni Qur’oni karim oyatlari, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) hadislari hamda sahobalarning ilmiy merosidan keltirilgan matnlar va arabcha asl nusxalari bilan boyitilgan.
Kalit so‘zlar: Islomiy tarbiya, ota-ona mas’uliyati, farzand burchi, omonat (أَمَانَة), birr ul-validayn (بِرُّ الْوَالِدَيْنِ), sahobalar o‘giti.
KIRISH
Jamiyatning eng kichik va shu bilan birga eng muhim bo‘g‘ini oiladir. Oiladagi ma’naviy-axloqiy poydevor kelajak avlodning shaxs sifatida shakllanishini belgilab beradi. Sharq va islom madaniyatida oilaviy munosabatlar maishiy turmush tarzi emas, balki chuqur ma’naviy va ilohiy mas’uliyat ko‘rinishi sifatida talqin qilinadi.
Zamonaviy globallashuv va axborot xurujlari avj olgan davrda yoshlar tarbiyasida an’anaviy hamda diniy-axloqiy mezonlarga tayanib ish tutish dolzarb masalalardan biriga aylandi. Islom ta’limotidagi tarbiya usullari insonning ruhiy, aqliy va jismoniy kamolotini hamohang rivojlantirishga qaratilgan.
1. OTA-ONANING FARZAND OLDIDAGI MAS’ULIYATI VA OMONAT PRINSIPI
Islomiy manbalarda farzand ota-onaga berilgan ilohiy omonat (amanat — أَمَانَة) hisoblanadi.
1.1. Shaxsiy namuna va ma’naviy mas’uliyat
Tarbiya jarayonida eng ta’sirchan usul shaxsiy namuna ko‘rsatishdir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ota-onaning tarbiyaviy burchi haqida shunday deganlar:مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أدَبٍ حَسَنٍ
"Kishi o‘z farzandiga chiroyli odobdan ko‘ra afzalroq narsa bera olmaydi."
(Termiziy rivoyati)Ota-ona nafaqat moddiy ta’minot, balki farzandining xulqi va e’tiqodi uchun ham javobgardir.
1.2. Munosabatlarda adolat va tenglik
Ota-ona farzandlari o‘rtasida moddiy hamda ma’naviy jihatdan adolatni ta’minlashi shart. Nu’mon ibn Bashir (r.a.)dan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (s.a.v.) shunday ta’kidlaganlar:تَّقُوا اللَّهَ وَاعْدِلُوا فِي أَوْلَادِكُمْ
"Allohdan qo‘rqinglar va farzandlaringiz o‘rtasida adolatli bo‘linglar!"
(Buxoriy va Muslim rivoyati)Qiz va o‘g‘il bolalar o‘rtasida kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik bolada o‘ziga bo‘lgan ishonchni hamda aka-ukalar o‘rtasidagi mehr-oqibatni mustahkamlaydi.
1.3. Sahobalar o‘giti: Tarbiyaning vaqti va shakli
Buyuk sahobiy Abdulloh ibn Umar (r.a.) ota-onalarning mas’uliyati haqida shunday degan:أَدِّبِ ابْنَكَ، فَإِنَّكَ مَسْئُولٌ عَنْ وَلَدِكَ: مَاذَا أَدَّبْتَهُ؟ وَمَاذَا عَلَّمْتَهُ؟ وَهُوَ مَسْئُولٌ عَنْ بِرِّكَ وَطَوَاعِيَتِهِ لَكَ
"Farzandingga odob ber, chunki sen farzandingga qanday odob berganing va nimani o‘rgatganing haqida so‘ralasan. Farzanding esa senga qilgan yaxshiligi va itoati haqida so‘raladi."Shuningdek, Ali ibn Abu Tolib (r.a.) farzand tarbiyasidagi bosqichlarni shunday bayon qilganlar: "Farzandlaringiz bilan birinchi 7 yilda o‘ynanglar (mehr beringlar), keyingi 7 yilda ularga odob va intizomni o‘rgatinglar (ta’lim beringlar), undan keyingi 7 yilda esa ular bilan do‘st bo‘linglar."
2. FARZANDNING OTA-ONA OLDIDAGI BURCHLARI VA "BIRR UL-VALIDAYN"
Islom ta’limotida Yaratuvchiga ibodat qilishdan keyingi eng ulug‘ burch ota-onaga yaxshilik qilish (Birr ul-validayn — بِرُّ الْوَالِدَيْنِ) deb belgilangan.
2.1. Qur’oniy talab: Hurmat va muloyimlik
Qur’oni karimda ota-onaga munosabat mezoni aniq ko‘rsatilgan:وَقَضَىٰ رَبُّكَ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا إِيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا ۚ إِمَّا يَبْلُغَنَّ عِنْدَكَ الْكِبَرَ أَحَدُهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُلْ لَهُمَا أُفٍّ وَلَا تَنْهَرْهُمَا وَقُلْ لَهُمَا قَوْلًا كَرِيمًا
"Rabbingiz faqat Uning o‘ziga ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishingizni amr etdi. Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksayib qolsalar, ularga 'uff' dema, ularga qo‘pol muomala qilma va ularga go‘zal so‘z ayt!"
(Isro surasi, 23-oyat)
2.2. Hadislarda ota-ona rozi-rizochiligi
Rasululloh s.a.v.ota-onaning maqomini ulug‘lab shunday deganlar:رِضَى الرَّبِّ فِي رِضَى الْوَالِدِ، وَسَخَطُ الرَّبِّ فِي سَخَطِ الْوَالِدِ
"Rabbning roziligi ota-onaning roziligidadir. Rabbning g‘azabi ota-onaning g‘azabidadir."
(Termiziy rivoyati)
Bir kishi Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kelib: "Odamlar ichida mening go‘zal muomalamga eng haqli kim?" deb so‘raganda, U zot uch marotaba:أُمُّكَ
"Onang", deb ta’kidlab, to‘rtinchisida:
أَبُوكَ
"Otang", deb javob berganlar (Buxoriy rivoyati).2.3. Sahobalarning ota-onaga ehtirom amaliyoti
Sahobalar ota-onaga xizmat qilishni eng ulug‘ amallardan ustun qo‘yishgan. Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar:
"Rasululloh (s.a.v.)dan 'Allohga eng mahbub amal qaysi?' deb so‘radim. U zot: 'O‘z vaqtida o‘qilgan namoz', dedilar. 'Keyin qaysi?' dedim. 'Ota-onaga yaxshilik qilish', dedilar."
Abu Hurayra (r.a.) har safar uyga kirishda onalarining eshigi oldida to‘xtab:السَّلاَمُ عَلَيْكِ يَا أُمَّتَاهُ وَرَحْمَةُ اللَّهِ وَبَرَكَاتُهُ، رَحِمَكِ اللَّهُ كَمَا رَبَّيْتِنِي صَغِيرًا
"Sizga tinchlik, Allohning rahmat va barakalari bo‘lsin, ey mening onajonim! Meni yoshligimda tarbiyalaganingizdek, Alloh sizga rahmat qilsin", der edilar. Onalari ham javoban:
وَعَلَيْكَ السَّلاَمُ يَا بُنَيَّ وَرَحْمَةُ اللَّهِ وَبَرَكَاتُهُ، جَزَاكَ اللَّهُ خَيْرًا كَمَا بَرَرْتَنِي كَبِيرًا
"Sizga ham tinchlik, Allohning rahmat va barakalari bo‘lsin, ey o‘g‘lim! Kattaligingda menga yaxshilik qilayotganingdek, Alloh sizni ham go‘zal mukofotlasin", deb duo qilar edilar.
TARBIYADAGI ZAMONAVIY MUAMMO VA ISLOMIY YECHIMLAR
Hozirgi davrda ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi muloqotning kamayishi hamda ma’naviy uzilishlar jiddiy muammodir.
Samimiy muloqot va tinglash: Islomiy tarbiya faqat taqiqlardan iborat emas. Luqmoni hakimning farzandiga qilgan nasihatlari (Luqmon surasi) oiladagi muloyim va tushunarli muloqotning Qur’oniy namunasidir.
Mo‘tadillik: Tarbiyada me’yor zarur. Hadisda keltirilganidek:
إِنَّ الرِّفْقَ لاَ يَكُونُ فِي شَيْءٍ إِلاَّ زَانَهُ وَلاَ يُنْزَعُ مِنْ شَيْءٍ إِلاَّ شَانَهُ
"Yumshoqlik qay bir narsada bo‘lsa, uni ziynatlaydi, qaysi narsadan olib tashlansa, uni xunuk qiladi" (Muslim rivoyati).
XULOSA
Ota-ona va farzand munosabatlarida islomiy tarbiya tamoyillari nafaqat bir oila doirasida, balki butun jamiyatda barqarorlik, mehr-oqibat va adolatni qaror toptirishga xizmat qiladi. Qur’on oyatlari, sunnat hamda sahobalar o‘gitlari bilan sug‘orilgan tarbiya tizimi zamonaviy globallashuv davrida ham o‘zining ma’naviy va amaliy hayotchanligini yo‘qotmaydi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri (Sheikh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf). — Toshkent: "Hilol-Nashr", 2019.
2. Imom al-Buxoriy. Al-Adab al-Mufrad (Ota-ona va qarindoshlik munosabatlari odoblari). — Toshkent: "O‘zbekiston", 2017.
3. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Baxtiyor oila. — Toshkent: "Hilol-Nashr", 2018.
4. Ibn Kasir. Tafsir al-Qur’an al-Azim. — Bayrut: Dar al-Kutub al-Ilmiyya, 2004.
Fazlitdinov MuhammadYusuf
ta'lim muassasasi talabasi