VATANNI SEVMOQ — YUKSAK FAZILAT VA MUQADDAS BURCH
“Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida “Vatanni sevmoq — yuksak fazilat va muqaddas burch” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari J. Xatamov, ta’lim muassasasi direktori Q. Mirzabayev, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari S. Madmusayev, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari R. Nasriddinov, o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Muloqot davomida Vatanni sevish, uning tinchligi va ravnaqi yo‘lida xizmat qilish, yurt mustaqilligi va osoyishtaligini qadrlash, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash kabi masalalar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, yoshlarning Vatan oldidagi burchi, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi, ajdodlar merosiga hurmat va ona yurtga sadoqat ruhida kamol topishi muhimligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida talabalar bilan samimiy savol-javob tashkil etildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar. Berilgan savollarga atroflicha javoblar berilib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yurt taqdiriga daxldorlik hissini shakllantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Zero, Vatanni sevmoq — uni so‘z bilan madh etishgina emas, balki uning tinchligini asrash, ravnaqi uchun halol mehnat qilish, xalq manfaatiga xizmat etish va yurt kelajagi uchun mas’uliyatni his qilishdir.
Mazkur ochiq muloqot talabalarda Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni yurt ravnaqi yo‘lida faol va mas’uliyatli bo‘lishga undashda muhim ahamiyat kasb etdi.










Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati