Ta'lim muassasasida “Shirkat turlari va unga doir masalalar” mavzusida ochiq dars bo'lib o'tdi
“Hidoya” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasida "Oktyabr oyi — Fiqh va usul fiqh fanlari oyligi" deb e'lon qilingani munosabati bilan navbatdagi yuqori saviyadagi ochiq dars tashkil etildi. Unda Fiqh fani o'qituvchisi Azimjon domla Abdullayev 4-kurs 54-guruh talabalariga “Shirkat turlari va unga doir masalalar” mavzusida saboq o'tdi.
Dars davomida Islom moliyasida muhim o'rin tutuvchi shirkat (sherikchilik) shartnomalarining mohiyati, uning shariatdagi hukmlari va ruknlari, asosiy turlari (inon, mufovaza, abdon va vujuh shirkatlari) hamda foyda-zararlarni taqsimlash qoidalari ilmiy-asosli dalillar bilan batafsil yoritib berildi. Shuningdek, zamonaviy tadbirkorlik va biznes munosabatlarida shirkat ahkomlarini to'g'ri qo'llashga doir dolzarb iqtisodiy masalalar keng tahlil qilindi.
Ta'lim muassasasining tajribali va yosh ustozlari mazkur ochiq darsni bevosita kuzatib bordilar. Dars yakunida pedagogik tahlillar o'tkazilib, ustoz va talabalarning faolligi yuqori baholandi hamda o'zlarining ijobiy tavsiya va fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Ochiq dars an'anaviy ma'ruza shaklidan farqli o'laroq, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ilg'or interfaol usullar hamda qizg'in savol-javoblar asosida tashkil etildi. Zamonaviy moliyaviy muammolar yechimiga qaratilgan bahs-munozaralarga boy ruhda o'tgan mashg'ulot talabalarning fanga bo'lgan qiziqishini, mustaqil fikrlash va fiqhiy hukmlarni tahlil qilish ko'nikmalarini yanada oshirdi.






Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati