Яратилиш санаси 17.10.2026

Dual ta'lim — Bilim va amaliyot uyg‘unligi

“Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bitiruvchi kurs talabalarining nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda kelgusi faoliyatiga tayyorlash maqsadida dual ta’lim jarayoni yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy o‘quv yili boshidan talabalarni amaliy faoliyatga jalb etish, ularni tegishli hududlardagi masjid va mahallalarga biriktirish hamda amaliyot jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, talabalarga amaliyot davomida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish tartibi hamda amaliyot daftarini yuritish qoidalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Ayni paytda “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining bitiruvchi kurs talabalari belgilangan masjid va mahallalarda amaliy faoliyat olib bormoqda. Ular hududlarda tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, aholi bilan ishlash hamda ta’lim jarayonida egallagan bilimlarini amaliyotda qo‘llash orqali zarur kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirmoqda.

Dual ta’lim jarayonida talabalarning amaliy faoliyatini muvofiqlashtirish, amaliyot daftarlarining muntazam yuritilishini ta’minlash, shuningdek, biriktirilgan masjid va mahallalar mas’ullari bilan hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati