Яратилиш санаси 20.10.2026

Ta'lim muassasasida “Qiyosning ta’rifi va uning ruknlari” mavzusida ochiq dars bo'lib o'tdi

“Hidoya” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasida “Oktyabr oyi — Fiqh va usulul fiqh fanlari oyligi” deb e'lon qilingani munosabati bilan navbatdagi yuqori saviyadagi ochiq dars tashkil etildi. Unda Usulul fiqh fani o'qituvchisi Ismoilxon domla Ishanov 4-kurs 54-guruh talabalariga “Qiyosning ta’rifi va uning ruknlari” mavzusida saboq o'tdi.

Dars davomida Islom huquqshunosligi va usulul fiqh ilmida to'rtinchi asosiy manba sanalgan qiyosning istilohiy ta’rifi, uning shariatdagi o'rni va hujjatliligi, shuningdek, qiyosning to'rt asosiy rukni — asl (asos bo'lgan hukm), far’ (hukm qilinishi lozim bo'lgan yangi masala), hukm (aslning shariatdagi hukmi) hamda ’illa (hukmni bog'lab turuvchi mushtarak sabab) ilmiy-uslubiy dalillar bilan batafsil yoritib berildi. Shuningdek, nasslarda to'g'ridan-to'g'ri zikr qilinmagan zamonaviy hayotiy va voqelikka oid masalalarga qiyos orqali fiqhiy yechim topish qoidalari atroflicha tahlil qilindi.

Ta'lim muassasasining tajribali va yosh ustozlari mazkur ochiq darsni bevosita kuzatib bordilar. Dars yakunida ilmiy-pedagogik tahlillar o'tkazilib, ustozning mahorati va talabalarning faolligi yuqori baholandi hamda qimmatli tavsiya va fikr-mulohazalar bildirildi.

Ochiq dars an'anaviy ma'ruza shaklidan farqli o'laroq, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, slayd-taqdimotlar, ilg'or interfaol usullar hamda qizg'in savol-javoblar asosida tashkil etildi. Dolzarb fiqhiy masalalar yechimiga qaratilgan bahs-munozaralarga boy ruhda o'tgan mashg'ulot talabalarning usulul fiqh qoidalarini amaliyotga tatbiq etish, mustaqil fikrlash va ijtihodiy asoslarni to'g'ri tushunish ko'nikmalarini yanada mustahkamladi.

Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati