Davlat tili – milliy maʼnaviyatimiz timsoli
“Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida 21-oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “Davlat tili - milliy ma’naviyatimiz timsoli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirga ma’ruzachi sifatida faxriy jurnalist, Namangan davlat universiteti o'qituvchisi, Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Komiljon Fayziyev taklif etildi. U o‘z ma’ruzasida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini yanada yuksaltirish, uning boy lug‘at xazinasidan samarali foydalanish, adabiy til me’yorlariga rioya qilish, nutq madaniyatini rivojlantirish hamda o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi o‘rnini mustahkamlash masalalariga alohida to‘xtaldi.
Shuningdek, yoshlar qalbida ona tiliga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish, tilimizning sofligini saqlash, uni hurmat qilish va kundalik hayotda to‘g‘ri qo‘llash har birimizning muhim vazifamiz ekani qayd etildi.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Samimiy muloqot va mazmunli fikr almashuvlar ruhida kechgan uchrashuv talabalarning ona tilimiz tarixi, bugungi taraqqiyoti va kelajakdagi istiqbollariga oid bilimlarini yanada boyitdi.
Tadbirda muassasaning ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari R.Nasriddinov, uslubchi A.Abdulxamidov, tarbiyachi-pedagog I.Dadabayev hamda talabalar ishtirok etdilar.










Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati