"Fiqh va Usulul fiqh" fan oyligi munosabati bilan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi
Ta’lim maskanlarida talabalarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, ularni diniy-huquqiy ilm-fan asoslari bilan yaqindan tanishtirish hamda mutolaa madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida oktabr oyi "Fiqh va Usulul fiqh" fani oyligi deb e’lon qilindi.
Oylik doirasida ta’lim muassasasining tajribali fan o‘qituvchilari tashabbusi bilan boy kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etilib, talabalar islom huquqshunosligining asosiy manbalari bo‘lgan nodir va mumtoz asarlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Tadbir davomida mutaxassislar va o‘qituvchilar tomonidan talabalarga hanafiy mazhabining asosiy manbalari hisoblangan quyidagi qimmatli asarlar haqida batafsil ma’lumot berildi:
“Muhtasar al-viqoya” – Ubaydullah ibn Mas’ud qalamiga mansub bo‘lib, ta’lim muassasasida darslik sifatida o‘qitiladigan ushbu kitobning bir necha nashrlari namoyish etildi.
"Viqoyatur rivoyat" – "Muhtasar al-viqoya" asarining asli va uning asosiy tayanuchi bo‘lgan manba.
“Umdatur rivoyat ala sharhil viqoya” – mazkur asarning ilmiy sharhi va uning o‘ziga xos xususiyatlari.
“Al-hidoya sharhi bidoyatil mubtadi” – hanafiy mazhabida ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan, islom olamida keng e’tirof etilgan fundamental fiqhiy asar.
“Bahrur roiq sharhi kanzud daqoiq” – fiqhiy masalalarni chuqur tahlil qiluvchi va huquqiy asoslarni yoritib beruvchi qimmatli kitob.
“Roddul muhtor ala ad-durril muxtor” – buyuk olim Ibn Obidin rahimahullohning hanafiy mazhabidagi fatvolar va hukmlar asosiga qurilgan qomusiy asari.
Zamonaviy adabiyotlar – shuningdek, hanafiy mazhabiga oid bugungi kundagi dolzarb masalalarni yorituvchi zamonaviy ilmiy nashrlar, risolalar va o‘quv qo‘llanmalar.
Ushbu kitoblar ko‘rgazmasi talabalarda ilmiy kitoblarga bo‘lgan mehrni oshirish, islom huquqshunosligi fanining boy merosi, uning asosiy manbalari va sharh kitoblarini chuqur o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirishda muhim qadam bo‘ldi.





Ta’lim muassasasi matbuot xizmati