TA’LIM MUASSASASIDA KASBIY, XIZMAT VA XIZMATDAN TASHQARI FAOLIYATGA OID TARTIB-QOIDALAR YUZASIDAN YIG‘ILISH O‘TKAZILDI
“Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida “O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimi xodimlarining kasbiy, xizmat va xizmatdan tashqari faoliyatiga oid tartib-qoidalar” mazmun-mohiyatini tushuntirish, xodimlarning kasbiy mas’uliyatini oshirish, xizmat intizomini mustahkamlash hamda odob-axloq me’yorlariga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish tashkil etildi.
Yig‘ilishda qo’yidagi masalalar atroflicha tushuntirildi:
Kasbiy odob va xizmat mas’uliyati — faoliyatning muhim mezoni
Yig‘ilish davomida mazkur tartib-qoidalarning maqsad va vazifalari, amal qilish doirasi hamda xodimlar faoliyatida rioya etilishi lozim bo‘lgan asosiy prinsiplar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, qonuniylik, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini hurmat qilish, xizmat burchiga sodiqlik, adolat, halollik, xolislik, samaradorlik va tejamkorlik tamoyillariga amal qilish har bir xodimning muhim vazifasi ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, korrupsiyaning har qanday shakl va ko‘rinishiga murosasiz munosabatda bo‘lish, xizmat faoliyatida shaffoflikni ta’minlash hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Kiyinish madaniyati, muomala odobi va xizmat intizomi
Yig‘ilishda tartib-qoidalarning xodimlar kasbiy, xizmat va xizmatdan tashqari faoliyatiga oid talablarni belgilovchi bo‘limlari batafsil tushuntirildi.
Jumladan, xodimlarning kiyinish madaniyati va tashqi ko‘rinishi, majlis va tadbirlarda ishtirok etish tartibi, ta’lim muassasasi hududida yurish-turish qoidalari, o‘zaro munosabatlarda hurmat va muomala madaniyatiga rioya qilish hamda ish vaqtidan samarali foydalanish masalalari muhokama etildi.
Diniy ta’lim muassasasi xodimi nafaqat xizmat vazifasini bajarish jarayonida, balki xizmatdan tashqari faoliyatida ham yuksak odob-axloqi, namunali xulq-atvori va mas’uliyati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi zarurligi qayd etildi.
Axborot madaniyati va jamoatchilik bilan munosabatlar
Yig‘ilish davomida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlarda belgilangan qoidalarga rioya etish, axborot tarqatishda mas’uliyatli bo‘lish hamda ta’lim muassasasining obro‘-e’tiborini asrash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda odob-axloq me’yorlariga amal qilish, tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik va diniy ta’lim muassasasi vakiliga munosib axborot madaniyatini namoyon etish muhimligi ta’kidlandi.
Ichki nazorat va qoidalarga rioya etish mas’uliyati
Tadbirda rahbariyatning kasbiy va axloqiy majburiyatlari, xodimlarning umumiy hamda qo‘shimcha majburiyatlari, belgilangan cheklovlar, shuningdek, xodimlarni rag‘batlantirish va qoidabuzarlik holatlari uchun javobgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, tartib-qoidalarga rioya etilishi ustidan nazoratni tashkil etish, Ichki nazorat komissiyasining vazifalari hamda qoidabuzarlik holatlarini belgilangan tartibda ko‘rib chiqish mexanizmlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Yig’ilishda ta’lim muassasasi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari S.Madmusayev, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari R.Nasriddinov, huquqshunos-maslahatchi A.Inomov hamda o‘qituvchi va xodimlari ishtirok etdi.







©️Ta’lim muassasasi Matbuot xizmati