Яратилиш санаси 23.10.2026

AHLI SUNNA VAL JAMOA VA TO'RT FIQHIY MAZHAB

Ahli sunna val jamoa Payg'ambarimiz alayhissalomning sunnatiga va musulmonlarning ko'pchiligi yo'liga ergashuvchilardir. Ulamolar najot topadigan yo'nalish aynan shu ekaniga ittifoq qilganlar. Bu yo'l aqidada ikki yo'nalish, amaliy hukmlarda esa to'rt fiqhiy mazhab bilan mustahkamlangan. Shuning uchun Ahli sunna val jamoani to'rt mazhabdan ajratib tushunib bo'lmaydi.

"Mazhab" so'zi "yo'l" degan ma'noni bildiradi. Shar'iy istilohda u mujtahid olimning diniy masalada hukm chiqarish yo'lidir. Fiqhiy maktablar sahobalar va tobeinlar davridayoq shakllana boshlagan va dastlab hudud nomi bilan atalgan, masalan madinaliklar yoki makkaliklar mazhabi. Fatvo beruvchi sahobalarning hadislardan xabardorligi va ilmiy salohiyati har xil bo'lgani uchun hududlar o'rtasida juz'iy farqlar bo'lgan.

Vaqt o'tib, Ahli sunna ichida to'rt mazhab ommalashdi: hanafiy (Imom Abu Hanifa, 699-767), molikiy (Imom Molik, 711-795), shofeiy (Imom Shofeiy, 767-820) va hanbaliy (Imom Ahmad ibn Hanbal, 780-855). Bu imomlarning ilmi shogirdlari orqali kitoblarga tushirilib, avloddan avlodga yetib kelgan.

Hanafiy mazhabi Kufada yashagan Hazrati Ali va Abdulloh ibn Mas'ud shogirdlari yaratgan Iroq fiqhiy maktabiga tayanadi. Imom A'zam mujtahid darajasidagi ko'plab shogirdlari bilan birga o'z davrida paydo bo'lgan deyarli barcha masalani tizimli hal qildi, hatto hali sodir bo'lmagan faraziy masalalarga ham yechim topdi. Demak, bu mazhab yakka shaxsning emas, ulkan ilmiy jamoaning mehnati samarasidir.

Hanafiy mazhabida hukm to'rt manbadan olinadi: Qur'oni karim, hadis, ijmo' (mujtahid ulamolarning bir ovozdan kelishuvi) va qiyos (hukmi kelmagan narsani o'xshashlik sababli hukmi ma'lum narsaga solishtirish). Imom Abu Hanifa hadis ilmida ham yuksak maqomga erishgan, hofizlar tabaqasida zikr qilinadi va "Musnad" asarini yozgan. Mazhab mo'tadilligi va qulayligi tufayli keng tarqalgan, dunyo musulmonlarining qariyb yarmi shu mazhab bo'yicha ibodat qiladi.

Ijtihod qilish uchun oyatlarning nosix va mansuxini, hadislarning sahih va zaifini, arab tili va usulul fiqh qoidalarini puxta bilish kerak. Shuning uchun bir necha hadis tarjimasini o'qib, "mazhabga ergashmayman" deyish xatodir. Buyuk muhaddislar ham mazhab doirasida yurganlar. Mazhabga ergashish musulmonlar birligi va ibodatlarning to'g'ri bajarilishiga xizmat qiladi.

Fiqhda to'rt mazhab bo'lgani kabi, aqidada ikki yo'nalish bor: ash'ariylik va moturidiylik. Hanafiylar Imom Abu Mansur Moturidiyga, molikiy, shofeiy va hanbaliylar Imom Ash'ariyga ergashadi. Imom Moturidiy Samarqandda yashab, 994-yilda vafot etgan. U zot adashgan oqimlar avj olgan davrda sof aqidani Qur'on va sunnat asosida yoritib, "Kitob at-Tavhid" kabi asarlarni yozgan.

Payg'ambarimiz alayhissalom ixtilof ko'paygan zamonda "savodul a'zam"ga, ya'ni ulkan jamoatga ergashishni buyurganlar (Ibn Moja rivoyati). Bugungi kunda bu jamoat aqidada Moturidiy va Ash'ariy yo'lini, fiqhda to'rt mo'tabar mazhabni tutadi.

Xulosa qilib aytganda, Ahli sunna val jamoa sof aqida va to'rt fiqhiy mazhabning uyg'unligidan iborat. Yurtimiz musulmonlari ming yillardan beri aqidada Imom Moturidiyga, fiqhda Imom A'zamga ergashib kelganlar. Yot g'oyalardan saqlanishning eng ishonchli yo'li shu yo'lni ishonchli kitoblar va haqiqiy ulamolardan o'rganishdir.

Tojimirzayev Samandar

ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi