Musofirning namozi
Islom dinida namoz musulmon kishiga farz qilingan eng muhim ibodatlardan biridir. Namozning ado etilishi uchun shariatda muayyan vaqtlar va shartlar belgilangan. Shu bilan birga, Islom insonning turli holatlarini, jumladan, safarda bo‘lishini ham e’tiborga olgan. Safar davomida musulmon kishiga ayrim yengilliklar berilgan bo‘lib, ulardan biri to‘rt rakatli farz namozlarini ikki rakat qilib o‘qishdir.
Musofirning namozi fiqh ilmida muhim o‘rin egallaydi. Chunki safar davomida namozni qanday ado etish, qaysi namozlar qisqartirilishi, qancha muddat bir joyda turilganda musofirlik hukmi saqlanib qolishi kabi masalalarni bilish har bir musulmon uchun zarurdir.
Hanafiy mazhabida musofirning namoziga oid hukmlar Qur’oni karim, sunnati nabaviyya va sahobalarning amaliyotiga asoslanadi. Mazkur masalalar Imom Saraxsiyning Al-Mabsut, Burhoniddin Marg‘inoniyning Al-Hidoya kabi asarlarida batafsil bayon qilingan.
1. Musofir tushunchasi va uning shar’iy hukmi
Fiqh istilohida musofir deb shariat belgilagan masofaga safar qilishni niyat qilib, o‘z yashash joyidan yo‘lga chiqqan kishiga aytiladi. Hanafiy mazhabida musofirlik hukmi boshlanishi uchun faqat safar qilish niyatining o‘zi kifoya qilmaydi. Kishi o‘z shahri yoki qishlog‘ining turar joylari tugaydigan chegarasidan chiqishi ham kerak.
Hanafiy fiqhiga ko‘ra, safar masofasi taxminan 90 kilometr atrofida deb ko‘rsatiladi, Musofirlik hukmi shariat tomonidan berilgan yengilliklardan foydalanish imkonini beradi. Bunda kishi peshin, asr va xufton namozlarining to‘rt rakatli farzlarini ikki rakat qilib o‘qiydi.
2. Musofir namozining Qur’oni karimdagi dalili
Musofir namozining asosiy dalillaridan biri Qur’oni karimning Niso surasi 101-oyatidir:
وَإِذَا ضَرَبْتُمْ فِي الْأَرْضِ فَلَيْسَ عَلَيْكُمْ جُنَاحٌ أَنْ تَقْصُرُوا مِنَ الصَّلَاةِ
Ma’nosi: «Yer yuzida safarga chiqqaningizda, namozni qisqartirishingizda sizlarga gunoh yo‘q...» (Niso surasi, 101-oyat).
Ushbu oyatda safar vaqtida namozni qisqartirishga ruxsat berilgani bayon qilingan. Oyatning davomida dushman tomonidan zarar yetkazilish xavfi ham tilga olinadi.
Biroq Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺning hadislari qasr namozining faqat xavfli vaziyatlarga xos emasligini ko‘rsatadi.
Ya’lo ibn Umayya roziyallohu anhu Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan ushbu oyatda xavf sharti zikr qilinganini, holbuki odamlar tinchlikda yashayotganini so‘ragan. Umar roziyallohu anhu bu masalani Rasululloh ﷺdan so‘raganida, u zot:
صَدَقَةٌ تَصَدَّقَ اللَّهُ بِهَا عَلَيْكُمْ فَاقْبَلُوا صَدَقَتَهُ
«Bu Alloh sizlarga ato etgan sadaqadir. Bas, Uning sadaqasini qabul qilinglar», deb javob berganlar.
Manba: Sahih Muslim, 686-hadis.
Ushbu hadis safarda namozni qisqartirish Alloh taolo tomonidan berilgan yengillik ekanini ko‘rsatadi. Hanafiy ulamolari mazkur hadis va boshqa dalillarga asoslanib, musofirning qasr qilishi vojib ekanini ta’kidlaganlar.
Masalan, safarda bo‘lgan kishi peshin namozining farzini to‘rt rakat emas, ikki rakat qilib o‘qiydi. Xuddi shuningdek, asr va xufton namozlarining farzlari ham ikki rakatdan ado etiladi.
Vitr namozi, sunnat va nafl namozlar qasr qilinmaydi. Vitr namozi Hanafiy mazhabida vojib hisoblanadi va xufton namozidan keyin uch rakat qilib o‘qiladi.
4. Musofirlik hukmining boshlanishi va tugashi
Musofirlik hukmi muayyan shartlarga bog‘liq. Safar masofasini niyat qilgan kishi o‘z shahri yoki qishlog‘ining turar joylari tugaydigan chegarasidan chiqishi bilan musofirlik hukmiga kiradi.
Shundan keyin safar davomida to‘rt rakatli farz namozlarini ikki rakat qilib o‘qiydi.
Musofir boshqa joyga yetib borgach, u yerda qancha muddat qolishni niyat qilgani ham muhimdir. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, kishi bir joyda 15 kun yoki undan ortiq muddat qolishni niyat qilsa, u yerga yetib borgach muqim hisoblanadi. Agar 15 kundan kam qolishni niyat qilsa, musofirlik hukmi davom etadi.
Masalan, bir kishi Toshkentdan Samarqandga safar qilib, u yerda 10 kun qolishni niyat qilsa, boshqa shartlar ham mavjud bo‘lgan taqdirda, Samarqandda musofir hisoblanadi va to‘rt rakatli farz namozlarini ikki rakat qilib o‘qiydi.
Agar u Samarqandda 15 kun yoki undan ortiq muddat qolishni oldindan niyat qilsa, shaharga yetib kelgach muqim hukmida bo‘ladi va farz namozlarini to‘liq o‘qiydi.
5. Musofirning muqim imom ortida namoz o‘qishi
Musofirning muqim, ya’ni safarda bo‘lmagan imom ortida namoz o‘qishi ham muhim fiqhiy masalalardan biridir.
Hanafiy mazhabiga ko‘ra, agar musofir muqim imomga iqtido qilsa, namozni imom bilan birga to‘liq o‘qiydi. Masalan, musofir peshin namozida to‘rt rakat o‘qiydigan imomga ergashsa, u ham to‘rt rakat o‘qiydi.
Buning sababi shuki, jamoat namozida imomga ergashish tartibiga rioya qilinadi. Musofir imom ortida ikki rakatdan keyin salom berib, namozdan chiqib ketmaydi.
Agar imomning o‘zi musofir bo‘lsa va unga boshqa musofirlar iqtido qilsa, imom ikki rakatdan keyin salom beradi. Musofir ergashuvchilar ham namozni ikki rakat qilib tugatadilar.
Biroq musofir imomga muqim kishi iqtido qilgan bo‘lsa, imom ikki rakatdan keyin salom bergach, muqim ergashuvchilar o‘rnidan turib, namozining qolgan ikki rakatini ado etadi.
Shu tariqa Hanafiy mazhabida musofir va muqimning jamoat namozidagi holatlari bir-biridan farq qiladi.
Nabijanov Isoxon
ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi