Яратилиш санаси 24.11.2021

FARZAND TARBIYASI - SHARAFLI KASBDIR

Ba’zilar bolasi hali ikki-uch yoshga kirmay turib, uning tarbiyasi «nobop»ligidan shikoyat qilishni boshlab yuborishadi. Norasida go‘dakni xuddi kattalardan talab qilinadigan «qolip»larga solishga, uning odob-axloqini «o‘nglash» harakatlariga kirishiladi.

Bu ham xato yo‘l. Chunki hali suyagi qotmagan, yaxshi va yomon nimaligini anglamagan yosh bolani hadeb tergayverish, uni turli qoliplarga solishga urinish, kuchi va iqtidori etmaydigan mashg‘ulotlarga majburlash irodasini sindirishi, ruhiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, keyinchalik hamma narsaga befarq va loqayd qaraydigan qilib qo‘yishi mumkin.

Buyuk vatandoshimiz shayxur rais Abu Ali ibn Sino yosh avlod tarbiyasining ibtidosi qanday va nimalar bilan bo‘lishi haqida quyidagilarni aytgan edi: «Yosh bola boshlang‘ich ta’lim va tilga doir qoidalarni yod olganidan keyin u mashg‘ul bo‘lishi mumkin bo‘lgan kasb-hunar va san’atga moyilligiga qarab, uni shunga yo‘llaymiz. Agar u kotiblikni xohlasa, til, xat yozish, nutq so‘zlash va odamlar bilan muomala qilish kabilarga dalolat qilamiz. Albatta, bu o‘rinda, bolaning mayli ahamiyatga ega» Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, bola maktabga borgunicha uni podshoh tuyib muomala qilinadi, ya’ni risoladagi barcha iltimoslari so‘zsiz bajariladi, sho‘xlik va erkaliklardan qaytarilmaydi. SHundan so‘ng unga asta-sekin tushuntirish, kattalarning o‘zi ibrat bo‘lishi orqali tarbiya beriladi.

Tarbiya bir necha tomondan olib boriladi. Bola aqlan rivojlanishi uchun unga turli kitoblar o‘qib beriladi, rivoyat va ibratli hikoyatlar so‘zlanadi yoki aql-zakovatini o‘stiradigan o‘yinlar, mashg‘ulotlarga jalb qilinadi. Ruhiy tarbiyasini yaxshilash uchun hayot va o‘lim, yaxshilik va yomonlik, axloq va odob kabi boqiy mavzularda sodda, bola ruhiyatiga mos suhbat va tushuntirish olib boriladi. Jismoniy tarbiya berish uchun esa biror foydali mehnatga jalb qilish, suzish, merganlik, chavandozlik kabi mashg‘ulotlarni o‘rgatish mumkin.

Bolalarga yoshligidan boshlab Qur’oni karim qissalaridan, payg‘ambarlarning hayoti haqida naql qiluvchi turli rivoyatlardan, xalq ertaklari va dostonlaridan, topishmoqlar, maqol va matallardan o‘qib berish, so‘zlash yoki ularning o‘zlariga o‘qitish ham kerak. Bu bilan bolalarning zehni o‘sadi, fikri kengayadi, dunyoqarashi boyiydi, xotirasi kuchayadi. Eng asosiysi, bola eshitganlaridan ibratlanib, yaxshi odamlarga ergashishga intiladi, ularning xulqu odobidan bahramand bo‘ladi.

O‘g‘il-qizlarining zehni o‘sishini, aql-idrokli, fikrlovchi bo‘lib ulg‘ayishini istagan ota-onalar ularga kichikligidan turli ibratli hikoyalarni, ulug‘larimizning hayot yo‘llari va fazilatlari haqidagi rivoyatlarni, ramziy ma’nodagi yaxshilikka, chiroyli axloq va odobga chorlovchi ertaklarni so‘zlab berishsa, ular ma’naviyatini yuksaltirishda katta tarbiyaviy ish qilgan bo‘lishadi.

Bunday ibratli ertak, rivoyatlar bolalarning aqlini o‘stiradi, yaxshilikka, ezgulikka chaqiradi, yomonliklardan uzoqda bo‘lishga undaydi, ular fikri va ongini rivojlantiradi. Bolalar biror yomon qiliq qilishsa, engil tanbeh, tushuntirish vositasida buning yomonligini bildirish lozim.

Bola kichikligida uning tarbiyasini o‘z holiga tashlab qo‘ygan, ongi, zehni, aqli, odobini shakllantirish bilan shug‘ullanishga vaqt topolmagan yoki bunga hafsala qilmagan ota-ona farzandi ulg‘aygach, achchiq nadomat hosilini teradi. Farzandlari qalbiga yo‘l topa olmayotgan, ular bilan murosalari kelishmayotgan ota-ona avvalo o‘zlarini ularning o‘rniga qo‘yib, shu yoshda men qanday fikrlagan va qanday ish tutgan bo‘lur edim deb, shu haqda biroz mulohaza yuritib ko‘rishsa, hamma narsa joyiga tushadi. Buning ustiga davr, zamonlar orasidagi farqni ham unutmaslik kerak: zamon hech qachon bir joyda qotib turmaydi. U o‘zgarib, taraqqiy etib boradi. Bu haqda hazrat Ali (roziyallohu anhu): «Farzandlaringizni o‘zlarining davriga moslab tarbiyalanglar», deganlar. CHunki kechagina ardoqlangan narsa bugun e’tibordan qolishi yoki aksincha, kecha qadri bo‘lmagan nimadir bugun eng qimmatli narsaga aylanishi  mumkin.

Shu omillar e’tiborga olinmasa, «hozirgi yoshlarga qoyil qolmadim, biz o‘z davrimizda bundoq qilardik, bizlar mana bundoq edik» kabi malomat va nadomatlar ko‘payaveradi, kattalar va bolalar o‘rtasidagi ziddiyat-to‘qnashuvlar avjiga chiqaveradi.

Bola ulg‘ayish jarayonida hamma narsani asosan atrofidagi kattalardan o‘rganadi. Ulardan ibrat olib, ularga taqlid qilib, hayotiy tajriba orttira boradi. Endi o‘zingiz qo‘pol va badxulq bo‘lsangiz-u, bolangizni chiroyli xulqli va odobli qilib tarbiyalayman deb o‘ylasangiz, xato qilasiz. Agar o‘zingiz cheksangiz yoki ichsangiz-u, farzandingizni bu yomon illatlardan qaytaraman desangiz, umidingiz va harakatlaringiz puchdir. O‘zingiz yolg‘on gapiruvchi yoki aldoqchi ekansiz, bolangizdan rostgo‘ylik va omonatdorlik kutib ovora bo‘lmang.

«Qasosli dunyo, qaytar dunyo» degan gaplar bor. O‘zingiz ota-onangizga yoki boshqa yaqinlaringizga qanday muomala-munosabat qilgan bo‘lsangiz, buni farzandlaringizdan albatta ko‘rasiz. O‘z navbatida, farzandingiz sizga qanday beodoblik qilgan yoki alam o‘tkazgan bo‘lsa, u ham farzandidan shuni albatta topadi. Bu narsa zanjir xalqalari kabi davrlar osha bir-biriga bog‘lanib ketaveradi. Kelajakda farzandingiz ham siz kabi «avlodlar to‘qnashuvi» azobini tortib yurmasin desangiz, ana shu salbiy zanjir xalqalarini uzib tashlashingizga to‘g‘ri keladi.

Muhammadali Kattabayev

“Hidoya” oʻrta maxsus islom bilim yurti xodimi