Яратилиш санаси 26.12.2021

QAZO VA QADAR

Ulamolar «qazo» va «qadar»ni quyidagicha ta’riflaydilar:

«Qazo – Alloh taoloning hamma narsalarning kelajakda qanday bo‘lishini azaldan bilishidir».

«Qadar – o‘sha narsalarning Allohning azaliy ilmiga muvofiq ravishda vujudga kelishidir».

Ahli sunna va jamoa mazhabiga binoan, balog‘atga yetgan musulmonga Alloh taolo bandalarning hamma ishini, maxluqotlarga bog‘liq narsalarning hammasini avvaldan bilishiga iymon keltirishi vojib bo‘ladi.

Qazo va qadar aqiydasi Allohga iymon keltirish asosidagi Islom aqiydalaridan biri hisoblanadi. Bu aqiyda to‘g‘ri ma’rifat asosida Alloh taoloni kamol sifatlari bilan sifatlashga asoslangandir.

Ana o‘sha sifatlarning biri – Allohning ilmi, u ilmning chegarasizligi, Alloh irodasining shomilligi va qudratining komilligidir.

Qazo va qadar aqiydasi Allohning ana shu sifatlariga asoslangan aqiydadir. Shuning uchun ham qazoi-qadarga iymon bo‘lmasa, Allohga bo‘lgan iymon tugal bo‘lmaydi.

Darhaqiqat, Alloh taolo hamma narsani biladi. Uyasi ichida g‘imirlayotgan chumolining harakatlariyu, o‘z falakida harakat qilayotgan sayyoralarni ham biladi. U Zotning ilmidan hech narsa g‘oyib bo‘lmaydi. Alloh taolo dunyodagi har bir zarrani ham va uning harakatini ham bilib turadi.

Shuningdek, Alloh taolo qiyomatgacha nima bo‘lishini ham biladi. Agar ularni bilmasa, U Zotning sifati kamoliyasiga nuqson yetgan bo‘ladi. Ana o‘sha ilohiy ilm «qazoi qadar» deb ataladi.

Bunda johil kishilar o‘ylaganidek, Alloh tomonidan bandani majbur qilish yo‘q, balki Alloh taolo tomonidan banda nima qilishini oldindan bilish bor. Chunki Allohning ilmi chegara bilmasdir. 

Olimxon Isaqov
“Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti o'qituvchisi

Изоҳ қолдириш

Изоҳлар