Ilm ikki dunyo saodati
Insonga bilmaganini bildirgan va uni aqli va ilmi bilan boshqa maxluqotlaridan afzal qilgan Alloh azza va jallaga bitmas tuganmas hamd-u sanolar bo'lsin.
Robbilari tomonidan yuborilgan vazifarni to'liq ado qilgan, doimo o'z ummatlarini ilm o'qishga targ'ib qilgan hamda o'zlaridan faqat ilmni meros qilib qoldirgan sayyidimizga va u zotning ahli baytariga va jonkuyar sahobalariga salovot-u, durudlar bo'lsin!
Darhaqiqat ilm insonni ikki dunyoda insonni baxt-saodatga yetaklaydigan nur va hidoyat mayog'idir!
Dinimizning bosh manbasi Qur’oni karimda ilm va ulamolar eng oliy maqomda ekanligi ta’kidlangan. Hadisi sharifda ham ilm, uni talab qilish, ulamolar haqida koʻplab dalillar kelgan. Ilmning har bir sohasida kashfiyotlar qilingan, buyuk ulamolar yetishib chiqqan. Shunday ekan, ilmga ragʻbatsizlik, undan yuz oʻgirish johillik hisoblanadi.
Insonlar tugʻilganidan to soʻnggi nafasigacha ilm talab qilib, uni toʻla his qilgan holda umr boʻyi oʻzini tolibi ilm hisoblab yurishi lozim, bu ularning ikki dunyo saodatga erishish kalitidir.
Qur’onning oyati karimalarida ilmning chegarasi yoʻq ekanligi, u insonlarni yuqori darajalarga koʻtarishi, ilmli, olim kishilarning sha’ni nafaqat jamiyat orasida, balki Yaratganning nazdida ham yuksak boʻlishi ta’kidlangan.
E’tibor bersak, dunyoda sodir boʻlayotgan koʻplab razolat, urush va nizolarga bilimsizlik, johillik sabab boʻlmoqda. Oʻzlarini bilimdon sanovchi ayrim chalasavod kimsalarning harakatlari ayanchli oqibatlar keltirib chiqarmoqda. Din niqobi ostida oʻzlarining puch gʻoyalarini yoshlar ongiga zoʻr berib singdirmoqchi boʻlayotgan, muborak Islom diniga mutlaqo yot gʻoyalarni targʻib etayotgan kuchlarning soxta chaqiriqlariga ishonib qolmaslik uchun ham ilm kerak. Chunki ilmli kishi haq va botilning farqiga boradi, axborotlar oqimidan oʻzi uchun foydalisini ola biladi. Qolaversa, ilmsizlikka qarshi kurashadi.
Alloma Isbiyjobiy aytadilar: «talabalik davrimda yurt notinj bo'ldi, natijada ancha vaqt darslarim to'xtab qoldi».
Shunday bugungi tinch, osoyishta kunlardan unumli foydalanib, ham ilm o'qib, ham o'qitib olaylik!
Zero, ilm-ikki dunyo saodatidir!
Muhammadiyev Muhammadsolih
"Hidoya" o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi