Xat turlari - (1-qism)
Muhaqqaq xati - bu xatning ko`proq qismi tekisdir, qolgan bo`laklari dumaloq shakldadir. Shuning uchun bu xatning ma`qaliy va ko`fiy xatlariga o`xshashligi boshqa xatlarga nisbatan ko`proqdir. Shu sababdan Ibn Muqla bu xatga muhaqqaq deb nom berdi. Boshqa turdagi xatlardan birinchi deb bildi.
Rayhoniy xati - ko`fiydan kelib chiqqan. Bu nom xatning yozilishi shakl jihatidan rayhonga o`xshashligida. Ko`fiy va rayhoniy xatlarning ixtirochisi Ibn Bavvob (vaf.mil.1022y.) bo`lgan.
Suls xati - bir narsaning uchdan bir hissasi yoki uchinchi hissasi demakdir. Suls xati deyilishiga sabab shuki, bunda qalamning uchinchi hissasi ishlatiladi yoki suls xati ta`limida qalamning uchdan bir hissasi ko`proq ishga solinadi. Ibn Bavvob birinchi bo`lib suls xati harflarining shaklini nuqta o`lchovlariga asoslagan va suls xatining grafik asoslarini ixtiro etgan.
Tavqi` xati - bu xatning yarmi tekis, yarmi yumaloq chiziqdan tashkil topgan. Ma`qaliy va ko`fiy xatlariga o`xshashligi bor. Tavqi` deyilishiga sabab shuki, ilgari qozilar qozixona hujjatlarining boshiga yoziladigan so`zlarni shu xat bilan yozganlar.
Qozilar va hokimlar hujjatlarni shu tavqi` xati bilan imzolardilar. Idora va mahkamalarda farmonlarga, maktublarga, qo`lyozmalarga tavqi` uslubida imzo qo`yilgan.
Nasx xati - ixtirochisi mashhur san`atkor xattot Ibn Muqla hisoblanadi. Bu xat yuzaga chiqib, shuhrat qozongandan keyin boshqa xatlarning barchasi mansux, ya`ni ishlatishdan qoldirildi. Ilmiy adabiyot va qo`lyozmalarda ko`p uchraydigan g`ubor xati nasx xatining mayda qalamda yozilishidir. Matnlar raqamlarga o`xshab juda mayda qilib yozilgani uchun g`ubor deb aytilgan. G`ubor xatining ixtirochisi -Said Qosim.
Абдураҳимов Баҳромжон
"Ҳидоя" ўрта махсус ислом
билим юрти ўқитувчиси