Яратилиш санаси 27.09.2022

Xat turlari - (2-qism)

Riqo` xati - ko`pincha maktublar, kishilarga yuboriladigan xatlar shu xat bilan yozilgan. Ko`pchilik harflari bir-biriga qurama qilib yoziladi. Riqo` «ruq`a» so`zining ko`pligi bo`lib, qog`oz parcha, maktublar demakdir. Tavqi` va riqo` xatining ixtirochisi ma`lum emas.

Ta`liq xati - bu xat aslida riqo` bo`lgan. Uni har kim turli shakllarga aylantirib, undan bir ravish ixtiyor qilgan. Xoja Tojiddin Sulaymon shu uslubni ixtiro qilgan kishilar jumlasidandir. Bu kishi ixtiro qilgan ta`liq xati riqo` xatining shoxchasidir. Bu xat insho va maktublarga tegishli bo`lib, munshiylar (insho yozuvchilar) uni cho`zib yozganlar.Ayrim olimlar ta`liq xatining ixtirochisini Abul Oliy nomli shaxs deb ko`rsatganlar. Abul Oliy ixtiro etgan ta`liq xatining grafik asoslari ko`fiy xatidan kelib chiqib, bu xat forsiy matnlarni yozish uchun ixtiro qilingan.

 Nasta`liq xati - «nasx» va «ta`liq» xatlarining birikuvidan tashkil topgan. Nasx va ta`liq uslublari asosida nasta`liq xatini Mir Ali Tabriziy (Mir Ali Hiraviyning ustozlari) ixtiro qilganlar. O`zlarini Tabriziyning shogirdi deb hisoblagan, «Qiblatul-kuttob» («Kotiblar peshvosi») Sulton Ali Mashhadiy (vaf.1520 y.) esa nasta`liq xati uslubini yuksak darajaga ko`targan mashhur xattotlardan bo`lgan. U kishining davomchilari Mir Ali Hiraviy mazkur xatni mukammal qoidaga kiritib she`riy bir risola tuzganlar. Nasta`liq xati diyorimizda keng yoyilib, unda ko`pgina kitoblar bitildi. Xususan, XVI asr boshlarida Buxoroda yashagan Mavlono Mir Ali Hiraviy Fathobodiy ko`p shogird yetishtiradilar. Ularning davomchilari - Mirzo Yodgor, Mirzo Fathulloh Munshiy, Mirzo Ismatulloh Munshiy, Domlo Bobobek va boshqalar. Qit`a, chorbayt (to`rtlik), ruboiy, g`azal, nasihatomuz she`rlar asosan jaliy qalamda to`rt qator yoki undan ko`proq qilib yozilgan. Mazkur xatlar albatta me`yoriy jihatdan bir-biriga mos hamda to`rt qator bo`lsa, oltita uchburchak atrofida bo`lishi shart. Shuningdek, harflar - «alif», «jim», «yo» va boshqalar bir-biriga albatta o`xshashi va bir tekisda bo`lishi qat`iy talab qilingan. Mana shu talablar bilan yozilgan qit`a yuqori darajali xattot tomonidan yozilgan bebaho san`at namunasi deb tan olingan. Qit`a atroflari bir necha xil gullar, naqshlar, abri bahor qog`ozida tilla bilan bezatilib, muraqqa (albom) holida saqlangan yoki shishali chorcho`p (ramka)larda mehmonxonalarda devorlarga ilib qo`yilgan. Bu qit`alar bir  necha yuz tilla-kumush narxida baholangan. Ba`zi qit`alarning old yoki orqa tomoni miniatura, atirgul, rangli bezaklar bilan bezatilgan.

XVI - XVII asrga kelib husnixat san`ati olamida katta burilish beradi. Mir Ubayd Buxoriy (vaf.1601y.) tomonidan Buxoroda nasx xati asosida yangi xat ravishi «Nasxi Mir Ubaydiy» yoxud «Nasxi Buxoriy» xati ixtiro qilinadi. Bu xat nasx xatidan ko`ra yirikroq, jozibali, mo``jizakorligi, ayniqsa yoshu qari bir xilda qiynalmay o`qiy olishi bilan har qanday kishini ham o`ziga maftun etadi.Manbalarda aytilishicha, kunlarning birida Mir Ubayd Buxoriy payg`ambarimiz Muhammad a.s.ni tushlarida ko`radilar. Payg`ambar a.s. Mir Ubaydga qalam hadya etadilar. Uyg`onganlarida esa hadya etilgan qalam qo`llarida bo`ladi. O`sha qalam bilan yoza boshlaganlarida mo``jiza ro`y berib, yangi xat uslubi - «Xatti Mir Ubaydiy» vujudga keladi va bu xat «Nasxi Buxoriy» (Nasxi Mir Ubaydiy) deb atala boshlanadi. U xat tez orada O`rta Osiyo, Afg`oniston shimolida keng tarqalib, mazkur xatda Qur`onlar kitobat qilish boshlanadi. Qori Mir Fayz Buxoriy, Qori Abdulvohid Buxoriy, Qori Ahmad Buxoriy, Mirzo Hoshim Xo`jandiy, Muhammad Ersoriylar «Nasxi Mir Ubaydiy» xatida Qur`onlar, «Daloil ul-xayrot», «Farzi ayn» singari kitoblarni, xutbalarni kitobat qilganlar. Keyinchalik ular chop qilinib (toshbosmada), xalq orasida keng ommalashgan hamda sevib o`qila boshlangan.

Keyinchalik mazkur xattotlik an`analarini davom ettirgan Domlo Bobobek (tax.1741-1861y.) ham bu sohada o`ziga xos maktab yaratib, ko`plab shogird tayyorlaganlar. 

Nasta`liq xatini o`rgatishda tabiat go`zalliklaridan ilhomlanib, ularni xat ta`limiga kiritganlar. Shu tariqa xatning jozibadorligini ta`minlaganlar. Har bir harf, uning yozilishini tabiat go`zalliklariga qiyoslab, harflarni turli ism bilan atab shogirdlariga ta`lim berganlar. Masalan, £ (ayn) harfiga «famul asad» (sher og`iz), «famus-su`bon» (ilon og`iz), «azzun namla» (chumoli chimdisi); ? (mim) harfiga esa «ajdar mim», «xurmoyi mim», «g`uncha mim», «mimi tojdor» va hokazo deb nom berganlar. 

Bobobek hazratlari xattotlikdan tashqari, adrasboflik hunari bilan ham shug`ullanganlar. Yozgan xatlariga ko`pincha «Ishtibar», ya`ni soqqachi deb imzo qo`yganlar. Hatto qalam uchini qo`llari bilan ham sindirib yozganlar. Shogirdlar bundan hayratlanib: «Domlaning karomatlari bor»,-deb ta`kidlashgan. Umrlarining oxirida ko`zlari ojiz bo`lishiga qaramay, xat mashq kilishni tark etmaganlar, tog`orada kul bilan loy qilib, ustini andava bilan shuvab, shogirdlariga barmoqlari bilan xat mashqini ko`rsatar edilar. 

Bir kuni shogirdlaridan biri hazillashib: «Ustoz, ko`zingiz ojiz bo`lsa ham xat mashq qilasizmi?»- deganida: «Ko`r kotib ustod bo`ldi xat mashqida; mashq qil, mashq qil, ko`r bo`lguncha mashq qil-da», deb javob bergan ekanlar.Rivoyat qilinishicha, bir kuni Buxoro hukmdori bir yigitni arzimagan gunohi uchun qamab qo`yadi va: «Qaysi bir mirzo shu yigitni zindondan ozod qilish uchun ariza yozib bersa, o`sha mirzoning qo`lini kesaman», - deb amr etadi. Mahbusning onaizori mirzalar oldiga borib ariza yozib berishlarini o`tinib so`rasa ham, ular qo`rqqanlaridan rad kilishgan. Shunda haligi volida Domlo Bobobek hazratlarining huzurlariga iltijo qilib keladi. 

Mirzalar mohir xattot Domlo Bobobek hazratlariga «Yozmang, rad javobini bering, bo`lmasa, amir qo`lingizni chopib tashlaydi», - deyishadi. Bobobek hazratlari: «Shu onaizor uchun, mayli, amir mening qo`limni kesib tashlasin»,- deydilar-da o`sha zahotiyoq ariza yozib beradilar. Xat podshohning qo`liga tushganida u: «Bu xat Domlo Bobobek hazratlariniki-ku?»- deb xatni zavqu maroq ila o`qiy boshlaydi. Ariza esa shunday satrlar bilan boshlangan edi.

Абдураҳимов Баҳромжон 

"Ҳидоя" ўрта махсус ислом 
билим юрти ўқитувчиси