Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik-jamiyat barqarorligi garovi
Joriy yil 16.11.2022 kuni “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurtida Xalqaro diniy bag‘rikenglik kuni munosabati bilan "Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik-jamiyat barqarorligi garovi" mavzusida tadbir o‘tkazildi. Tadbirda bilim yurti o‘qituvchilari va 1-kurs talabalari ishtirok etdilar.
Tadbirni bilim yurti Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i R.Nasritdinov ochdi va olib bordi. Yaratganga ming shukrkim, mustaqil o‘lkamiz – O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar bo‘lib, ular tinch-omon, ahil-inoq yashab kelmoqdalar. Ana shu ezgulik va tinchlik-osoyishtalik omili bo‘lgan diniy bag‘rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga diyorimizda alohida ehtibor qaratib kelinmoqda.
Tarix shohidki, Islom dini insoniyatga diniy bag‘rikenglik, muruvvat, adolat, rahm-shafqat va xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, ahillik olib kelgan yagona diniy nizom bo‘ldi. Diniy bag‘rikenglik xilma-xil diniy e’tiqodda bo‘lgan kishilarning olijanob g‘oya va niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashi, kishilik jamiyati ravnaqi yo‘lida xizmat qilishini anglatadi. Hozirda bu g‘oya ezgulik yo‘lida nafaqat dindorlar, balki jamiyatning barcha a’zolari hamkorligini nazarda tutadi. Diniy bag‘rikenglik tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ozod va obod vatan qurishning muhim shartidir”, deb ta’kidlab o‘tdi.
Yig‘ilish so‘ngida talabalar mavzu yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar va qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.
Tadbirga bag‘ishlab 4-kurs talabasi Abdurashidov Abduvaxxob o‘zining “Diniy bag‘rikenglik - azaliy fazilat” mavzusidagi maqola va video roligi bilan ishtirok etdi.
SHuningdek, mavzuga doir maqola va vidyo ro‘liklar bilim yurtining “hidoya.uz” saytida yoritildi.
Bilim yurti matbuot xizmati