Яратилиш санаси 25.11.2022

Bag’rikeng diyor

Biz mustaqillikka erishgunga qadar bo’lgan davrda boshimizdan ne-ne qiyinchiliklarni, kulfatlarni, kamsitishlarni o’tkazdik. Odamlar bir burda nonga zor bo’lgan kunlari bo’ldi. Ko’plab urushlar ko’rdilar, hatto insonning qadr-qiymati umuman qolmagan edi. Kommunistik g’oyalar bilan insonlar butkul o’zligini yo’qota yozdilar. Din umuman qoralandi. “Din afyundir”,- degan shior bilan masjidlarga borib na namoz o’qish, na ro’za tutish, na diniy marosimlarni o’tkazishga yo’l qo’yildi.

Allohga shukrlar bo’lsinki Mustqillikka erishdik. Ana shundan keyin barcha sohalarga katta e’tibor qaratila boshlandi. Ilm-fan, kasb-xunar, ishlab-chiqarish, tadbirkorlik va yana bir necha sohalar ana shular jumlasidandir.

Asta sekinlik bilan barcha sohalarda rivojlanib kurtak yoza boshladik. Bu rivojlanish “bag’rikenglik” tushunchasida ham o’z aksini topdi. Prezidentimiz aytganlaridek; “Bag’rikenglik bizning dunyoyimizdagi turli boy madaniyatlarni, o’zini ifodalashning va insonning alohidaligini namoyon qilishning hilma-xil usullarini hurmat qilish, qabul qilish va to’g’ri tushunishni anglatadi”.[1]  Bag’rikenglik tushunchasi ilmiy faoliyat va ijtimoiy hayotning turli sohalari, jumladan, siyosat, sotsiologiya, filosofiya, ilohiyot, ijtimoiy axloq, qiyosiy dinshunoslik kabi sohalarda keng istifoda etiladigan tushunchalardan biridir. Bag’rikenglik lotincha “ Tolerate- chidamoq, sabr qilmoq” manosini anglatadi.[2] Bag’rikenglik boshqa bir insonning ichki va tashqi dunyo qarashini hurmat qilib, o’zaro hamjihatlikda yashashga aytiladi. 

Aynan shular qatorida diniy ishlarga ham alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko’lamli ishlar amalga oshirila boshlandi. Ko’plab masjidu-madrasalar ishga tushirildi. Masjidlarda emin-erkin ibodat qilish va madrasalarda diniy va dunyoviy bilimlarni olishga keng imkoniyatlar yaratildi. Milliy an’ana,  urf-odat va diniy qadriyatlarimiz qayta tiklandi.

Bularga misol tariqasida milliy bayramlarimizdan Mustaqillik, Navro’z bayramlari va diniy bayramlarimizdan Ramazon hamda Qurbonlik hayiti kunlari bayram qilinib keng nishonlanishi, o’sha kunlarni dam olish kuni deb e’lon qilinganidir. Qadriyatlarimizdan Xazrati imom majmuasi, imom Buxoriy markazi va ko’plab obida va qadamjolar aynan Prezidentimiz tashabbuslari bilan qayta ta’mirlanib foydalanishga topshirildi.

Bunday sur’atda rivojlanish va tinchligimizni ko’ra olmaydigan qo’shtirnoq ichidagi shaxslar o’zlarining g’alamis niyatlarini amalga oshirishni ko’zlab qoldilar. Go’yoki ular bizning bo’sh tomonimizni topmoqni va islom dinini niqob qilib olib, o’zlarining buzuq g’oyalarini ongimizga singdirmoqni payiga tushib qoldilar.

Bu borada Prezidentimiz bayonot berib: “Din inson ruhini poklashi, odamlar o’rtasida mehr-oqibat tuyg’ularini mustahkamlashi, milliy qadriyat va an’analarni asrashga xizmat qilishi bilan xar qanday jamiyat hayotida muhim o’rin tutadi. Ayniqsa insoniyat murakkab taraqqiyot jarayonini boshidan kechirayotgan xozirgi davrda dinning turli xalqlar o’rtasida turli muloqotlar o’rnatish, ularni ma’naviy va ruhiy jihatdan yaqinlashtirish, zulm va zo’ravonlikka qarshi birgalikda kurashga da’vat etish borasidagi ahamiyati beqiyosdir”,[3] -degan gaplari barchani birdek xushyor bo’lishga va bir yoqadan bosh chiqarishga undadi.

O’zbekiston azal- azaldan dinlar o’lkasi xisoblanadi. Islomdan avval ham zardushtiylik, xristianlik, yaxudiylik va boshqa o’ngga yaqin dinlar mavjud bo’lgan. Tarixdan ma’lumki, Amir Temur islom dinini o’ziga xos mutaassiblikdan holi, erkin tushungan.Uning komil e’tiqodi boshqa dinlarni rad etish xisobiga bo’lmagan.Bu jihatdan u nafaqat o’z asri, balki, xozirgi zamonda yashayotgan odamlar uchun ham namunadir. Bu so’zni Yurtboshimizga nisbatan ishlatsak ayni xaqiqatni gapirgan bo’lamiz. Islom ravnaqiga keng yo’l ochib berilishi, Mustaqil O’zbekiston siyosatini belgilashda islom diniga bo’lgan munosabatini tubdan o’zgartirish lozimligini qayta-qayta o’qtirishlari buning yaqqol dalilidir. Islom Karimov o’z so’zlarida: “Din turmush tarzimizga o’chmas muxrini bosgan. Xudoga qarshi kurashganlarning ahvoli nima kechganini ko’rdik. Endi bu hil besamar va quruq inkor yo’li yaramaydi.Dinga nisbatan ijobiy munosabat tashqi siyosatimizda katta ahamiyatga ega”,[4] -deb aytganlari ayniqsa diniy soha vakillariga yangi o’sib ulg’ayib kelayotgan yosh avlodga diniy bag’rikenglikni chuqurroq tushuntirmog’imizni talab etadi.

Xozirda O’zbekistonda 130 dan ortiq millat va elatlar yashab kelmoqda. Bu esa bizning dinimiz Islom naqadar bag’rikeng din ekanligidan dalolatdir. Payg’ambarimiz: “Boshqa dindagi qo’shningizni sizda qo’shnilik haqqi bor. Unga yaxshilik qilinglar” deb boshqa dinda bo’lsa ham ozor bermaslikka undaganlar. Buni diniy soha vakillari barchaga yetkazmoqliklari va islomning sof va bag’rikeng ekanligini tushintirmoqliklari darkor. 

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har kim xohlagan diniga e’tiqod qilishi yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo’l qo’yilmaydi- deb yozilgan. Qur’oni karimda esa “Dinda zo’rlash yoqdir”[5], - deyilgan. Biroq keyingi bir necha yillarda bu talablarni buzayotgan g’alamis kimsalar, o’zlarining buzuq g’oyalarini insonlar ongiga singdirmoqchi bo’layotgani, Prezidentimiz olib borayotgan oqilona siyosatga qarshi ig’vo va fitnalar uyishtirayotgani fikrimizni dalilidir. Qur’onda “Fitna  qatl etishdan ham yomonroq”[6] ekani ta’kidlanadi. Buni xalqimiz chuqur anglab yetishilari shart.. 

[1]Bag’rikenglik tamoyillari Dekloratsiyasi. \\ YUNESKO Xalqaro me’yoriy hujjatlari T.;Adolat, 2004. B. 91.

[2] Bag’rikenglik-barqarorlik va taraqqiyot omili. Toshkent-2007. B. 88.

[3] Abdumutal Zakurlayev.  G’oyalar kurashi. Toshkent Movarounnahr. 2000. B. 3.

[4]  Abdumutal Zakurlayev. G’oyalar kurashi. Toshkent Movarounnahr. 2000. B. 17.

[5]  “Baqara” surasi 256-oyat.. Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. Toshkent. 2004. B. 42.

[6]  “Baqara” surasi 191-oyat.. Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’oni Karim va o’zbek tilidagi ma’nolari tarjimasi. Toshkent-2011. B. 30.

Анваров Алишер 

"Ҳидоя" ўрта махсус ислом 
билим юрти ўқитувчиси