Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar
Joriy yil 1-mart kuni “Hidoya“ o‘rta maxsus islom bilim yurtida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda diniy ta’lim olish tartibi” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Namangan viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Zulfiya Axmadxo‘jaeva tashrif buyurdi “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchil va talabalari qatnashdilar.
Tadbirni bilim yurti mudiri A.Bobamirzaev ochdi va olib bordi. Tadbirni davom ettirish uchun so‘zni Namangan viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Zulfiya Axmadxo‘jaeva berdi.
Notiq o‘z so‘zida yoshlarning ushbu qonunlarni yaxshi tushunib, uning normalariga amal qilishlari, mudarris-o‘qituvchilar va talabalarning ushbu qonunning mohiyatini anglashlari, yurtimizda vijdon erkinligi qonunan himoya qilingani, qonunda belgilangan normalarga amal qilish zaruriyati, shaxsning din borasidagi faoliyati qonun talabalaridan tashqariga chiqmasligi, diniy ta’lim berish va olish tartib-qodilari, to‘g‘risida to‘xtaldi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan boshlab, barcha sohalar singari vijdon erkinligiga ham alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda.
Xususan, Asosiy qonunimiz bo‘lgan Konstitutsiyamizning 31-moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega ekanligi, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
SHuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuni yangi tahriri ushbu qonunning maqsadi har bir shaxsning vijdon erkinligi va diniy e’tiqod huquqini, dinga munosabatidan qat’iy nazar, fuqarolarning tengligini ta’minlash, shuningdek diniy tashkilotlarning faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solib turishdan iborat.
Qonunning 3-moddasida ko‘rsatilishicha, vijdon erkinligi fuqarolarning har qanday dinga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir. Fuqaro o‘zining dinga, dinga e’tiqod qilishga yoki e’tiqod etmaslikka, ibodat qilishda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka, diniy ta’lim olishga o‘z munosabatini belgilayotgan paytda uni u yoki bu tarzda majbur etishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Hammamiz ham qonunlardan xabardor bo‘lishimiz, dunyoqarashimizni o‘stirish maqsadida qonunlarimizga murojaat qilamiz. Muhimi – ulardan oqilona foydalansak, xususan yoshlarni aqlan va ruhan to‘g‘ri tarbiya topishida, turli yot qarashlar ta’siriga tushib qolmasliklariga xushyor bo‘lsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Tadbir so‘ngida o‘qituvchi talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassis tomonidan javob oldilar.
Bilim yurti matbuot xizmati