Яратилиш санаси 13.10.2022

Terrorizm tahdidi

Terrorizm – jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish, aholi keng qatlamlarida vahima va qoʻrquv uygʻotishga qaratilgan siyosiy kurashning oʻziga xos usulidir. U yashirin (konspirativ) ruhdagi tashkilotlar tomonidan beqarorlik keltirib chiqarish orqali hokimiyatni egallash maqsadida amalga oshiriladi. Terrorchi guruhlar jamiyatda aholining keng qatlami nomidan harakat qilayotgandek taassurot uygʻotish maqsadida diniy shiorlardan niqob sifatida foydalanadilar. 

Terrorizmning eng asosiy xususiyatlaridan biri ushbu harakat tarafdorlarining “Kuch ishlatish va zoʻravonlik davlatni qulatuvchi va hokimiyatga erishishni osonlashtiruvchi parokandalikka olib keladi”, degan gʻoyaga asoslanib harakat qilishlaridir. Terrorizmning yana bir xususiyati hech qanday urush boʻlmayotgan, demokratik institutlar faoliyat koʻrsatayotgan, tinchlik hukmron jamiyat sharoitida muqobil usullarni atayin inkor etgan holda, siyosiy masalalarni zoʻrlik yoʻli bilan hal qilishga intilishda koʻrinadi.

Oʻzbekiston mustaqilikka erishgach, mazkur hudud turli manfaatdor kuchlarning nishoniga aylandi. Siyosiy maqsadlarni din niqobi ostida amalga oshirishga intiluvchi diniy-ekstremistik va terrorchilik guruhlari mintaqaga suqilib kirishga harakat qildilar. Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish uchun mustahkam asosga ehtiyoj sezildi. 2000 yil 15 dekabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Qonunining qabul qilinishi davlatimiz suvereniteti va xalqimiz farovonligi, yurtimiz taraqqiyotiga katta tahdid soluvchi terrorizmga qarshi kurash borasida katta qadam boʻldi.

Terrorizm (lotincha “qoʻrqitish”, “vahimaga solish”) – aholining keng qatlamlarida vahima va qoʻrquv uygʻotish, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali davlat hokimiyatini egallash maqsadiga qaratilgan jinoiy faoliyatdir. Hozirgi davrda u global miqyos kasb etib, xalqaro terrorizm shaklini oldi. Bunday shaklda u xalqaro ijtimoiy-siyosiy aks-sado beradigan qoʻporuvchilik sifatida namoyon boʻlmoqda. 

Abdulvohidov Muhammadyusuf

"Hidoya" o'rta maxsus Islom
bilim yurti 1-kurs talabasi