Яратилиш санаси 27.11.2022

Islom dini buzgʻunchilikka qarshi

Terror - yigirmanchi asrning oxiriga va yigirma birinchi asrning avvaliga kelib olamshumul muammoga aylandi. Bu balo jahon hamjamiyatini qattiq tashvishga solib qo'ydi. Endi jahon urushi, yadro halokati xavfi haqida gaplar qolib hamma terror va uning xavf – xatari haqida gapiradigan bo'lib qoldi. Ko'pchilik ittifoq bo'lib terrorning dini, irqi va millati bo'lmaydi hammamiz bu ofatga qarshi birgalikda kurashishimiz lozim demoqda. Avvallari bo'lmagan bu narsani taʻriflashga ham harakat qilinmoqda. Hali terrorning taʻrifida bir qarorga kelinmagan bo'lsa ham keyinchilik terrorni o'z maqsadiga erishish yo'lida boshqalarning joni, moli va obro'siga kuch va qurol ishlatish yo'li bilan zarar etkazishni terror deb atamoqdalar.

Bu masalalarga Islom dini taʻlimotlarida qanday qaraladi degan savol paydo bo'ladi. Albata, bu kabi savollarga Qurʻon va Sunnatda javoblar tayyor. Javob berishdan avval terrordan tortilayotgan zararlarga bir nazar solaylik. Ularning ro'yxati boshida begunoh odamlarning ko'plab halok bo'lishi turadi. Keyin kishilarning molu mulklari zoe bo'lishi, sharaflariga  putur etishi, xalqlar orasidagi munosabatlarning yomonlashishi,  dunyoda xavf – xatar bardavom bo'lishi kabi ko'pgina insonyatga  zararli narsalar keladi. Islom insoniyatga zarar etishiga mutlaqo qarshidir. Islom Alloh taolo tomonidan insoniyat baxt – saodatini taʻminlash uchun joriy qilingan dindir. Islom dinining taʻlimotlari, qonun-qoidalari va amallaridan beshta bosh maqsad  ko'zda tutilgandir:  

1. Inson hayotini muhofaza qilish maqsadi.  
2. Inson aqlini muhofaza qilish maqsadi.  
3. Inson dinini muhofaza qilish maqsadi.  
4. Inson naslini muhofaza qilish maqsadi.  
5. Inson molu-mulkini muhofaza qilish maqsadi.  

Terror esa aynan ushbu maqsadlarga qarshi faoliyatdan iboratdir. Terrorning bosh zarari begunoh insonlarning o'ldirilishiga Islom qanchalar qarshi ekanini bilishning o'zi bu ilohiy dinning terrorga qanchalar qarshi ekanini ochiq – oydin ko'rsatib beradi.

Islomda har bir jon juda ham yuqori baholanadi. Shu  bois bir beayb insonni o'ldirgan odam butun boshli insoniyatni o'ldirgandek jinoyat qilgan hisoblanadi. Chunki jonlar ko'p bo'lgani bilan hayot kechirish haqqi bitta. Har bir jon hayot kechirish haqqiga ega. Ana o'sha jonlardan bittasini o'ldirgan odam hamma jonlarning hayot kechirish haqqiga tajovuz etgan bo'ladi. Aksincha, bitta jonning hayotini saqlab qolish esa, hamma jonlarning hayot kechirish haqqini saqlab qolgan bilan teng. Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir ahdlashgan jonni o'ldirsa, jannatning hidini ham hidlay olmaydi. Albatta, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turur», dedilar». Buxoriy va Termiziy rivoyat qildi.  

Ushbu hadisda kofir bo'lsa ham, inson joni Islom nazdida qanchalik qadr-qiymatga ega ekani ko'rinib turibdi. Hadisi sharifda «muʻohid» - ahdnomasi bor g'ayridinni o'ldirishning oqibati qandoq bo'lishi ajoyib o'xshatish ila vasf qilingan. Mazkur jinoyatni qilgan odam «jannatning hidini ham hidlay olmaydi».

Jannatga kirish, undagi xushbo'y-misku-anbarlardan hidlab, lazzat olish u yoqda tursin jannatning umumiy hidini ham hidlay olmaydi. Yaqiniga yo'lay olmaslik qay darajada bo'ladi? Bundoq jinoyat qilgan odam jannatda qirq yillik yo'l yurish masofasidan ham uzoqroqda bo'ladi. Chunki, jannatning «hidi qirq yillik masofadan kelib turur». Bas, shundoq ekan, har bir mo'min musulmon o'zi bilan tinch-totuvlikda yashamoqchi bo'lgan har bir g'ayridinni hurmatini joyiga qo'yishi, unga zinhor yomonlik qilmasligi zarur.

Terrordan dunyoga kelayotgan har bir zararga qarshi yuqoridagiga o'xshash ko'plab taʻlimotlar mavjud. Ularning har biri haqida alohida kitob yozish mumkin. Shuning uchun bemalol Islom terrorning har qanday ko'rinishiga mutlaqo qarshidir deyish bizning burchimizdir. Musulmonlar terrorga qarshi kurashning birinchi saflarida bo'lishi lozimdir.

Sobirjanov Asrorbek

“Hidoya” o'rta maxsus 
islom bilim yurti talabasi