Яратилиш санаси 08.11.2022

Eshkaksiz ummonda suzmoqchi bo'lgan "Qur'oniylar"

Sof Islom avvalo "Qur’on", so‘ngra hadis va albatta, asrlar davomida Islom ilmini avloddan avlodga o‘tkazib kelayotgan ahli ilmlarning kitoblariga tayanishi kerak.

Alloh taolo Qur'oni karimda: “Ey mo‘minlar, Allohga itoat qilingiz, va payg‘ambarga hamda o‘zlaringizdan bo‘lgan (ya'ni musulmon) hokimlarga bo‘yinsuningiz! Bordiyu biron narsa haqida talashib qolsangiz,— agar haqiqatan Allohga va oxirat kuniga ishonsangiz — u narsani Allohga va payg‘ambariga qaytaringiz! Mana shu yaxshiroq va chiroyliroq yechimdir.” (Niso surasi, 59-oyat)

Niso surasining mazkur oyatida Alloh taolo bandalarini O‘ziga va Rasuliga hamda o‘z oralaridan chiqqan musulmon boshliqlarga itoat etishni buyurib,  biror muammoli masalaga duch kelinganda uning yechimini “Alloh va payg‘ambariga” havola etishni, ya'ni bunday holda Qur'on va hadisga murojaat qilishni buyurmoqda.

Alloh taolo o'zining yana bir oyati karimasida: “Kim haq yo‘lni aniq bilganidan keyin payg‘ambarga xilof ish qilsa va mo‘minlarning yo‘llaridan boshqa yo‘lga ergashib ketsa, biz uni ketganicha qo‘yib beramiz. So‘ngra jahannamga doxil qilamiz. Naqadar yomon joydir u!”(Niso surasi,115- oyat)

Ahmad, Abu Dovud va Hokimlar sahih sanad bilan Miqdomdan rivoyat etishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam deganlar: “Bir odam o‘zining po‘rim kursisiga suyanib olib mening hadisimdan bir hadisni so‘zlaydi va bunday deydi: “Biz bilan sizning o‘rtangizda Allohning kitobi bor. Unda nimani halol topsak halol qildik va nimani harom topgan bo‘lsak harom qildik”. Eslatma, Rasulullohning harom qilgani Allohning harom qilgani kabidir”.

Internet tarmoqlarida nabaviy hadislarni yuzsizlarcha inkor qiladigan, ularni masxaralaydigan ayni chog‘da esa go‘yoki diniy ruhda maqolalarni ijtimoiy tarmoqlar hamda turli messenjerlarga joylab, ilmsiz kishilarning boshini aylantirib, o‘zlarining zalolat botqoqlariga tortayotgan jirkanch toifa vakillari afsuski, o‘zbeklar ichida ham paydo bo‘la boshladi.

Ularning asl basharasini bilmaydiganlar internet tarmoqlariga joylayotgan maqolalaridan ta’sirlanmoqdalar yoki hayratga tushmoqdalar.

Besunnatlar "Qur’oniy"lar 19 - asrda paydo bo‘lgan zalolatdagi toifa hisoblanadi. Ularning faoliyatini boshlanishi Britaniya mustamlaka qilgan davrdagi Hindistonga borib taqaladi. Angliya Hindistonni mustamlaka qilgan davrda u yerning musulmon aholisini ma’nan va ruhan zaiflashtirish uchun turli tuman buzg‘unchiliklar amalga oshirgan, har-xil adib, faylasuf va boshqa xil toifalarga diniy libos kiydirib, ular orqali yangi-yangi «islomiy» firqalarni vujudga keltirgan, shuningdek, missionerlardan iborat otlig‘u piyoda zalolat qo‘shinini bu diyorga yo‘naltirgan.

Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislarini tag-tugi bilan inkor etuvchi bu toifa Aslam Jayrajpuri, Gʻulom Ahmad Parvez, Abdulloh Jakarulviy singari Britaniya Hindistoni tarbiyalagan uch-to‘rtta zalolat boshchilari tomonidan yaratilgan.

Bular ilk boshda o‘zlariga "Ahlu-l-Qur’on" degan balandparvoz nom qo‘yganlar. Ular faqat Qur’onnigina shariat manbai deb hisoblaydilar va uni o‘z nafslarining xohish-istaklariga monand ravishda tafsir va ta’vil qiladilar. Ular: "Faqat Qur’ongagina ishonamiz, zero, Alloh taolo faqat Qur’onnigina saqlashga va’da qilgan!", degan o‘ta makkorona da’volarini ilgari surib, qancha-qancha ilmsiz kishilarni adashtirdilar.

“Qur’oniylar” jamoasini "Islomga jiddiy zarba berish maqsadida tuzilgan" jamoalardan biri sifatida ta’riflanadi.

Ular Qur’onchilar emas! Chunki Qur’oni karim yuzga yaqin oyatida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga itoatni vojib etgan va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga itoatni Alloh azza va jallaga itoat deb e’tibor qilgan ayrim oyati karimalarni yuqorida sanab o'tdik.

"Qur’oniy"larning ikki toifasi ma’lum. Birinchi toifa hadislarni mutlaqo inkor qiladi. Bulardan ilmiy asosingiz nima, deb so‘rasangiz: "Biz aql, mantiq, falsafaga tayanamiz", deyishadi. Ammo, bu judayam katta xatarli gap. Chunki, aql hammada har xil bo‘ladi. Ikkinchi toifa "Qur’oniylar" esa hadislarni qisman inkor qiladi. "Qur’on"ga mos hadislarni tan olamiz, mos kelmagan hadislarni tan olmaymiz, deyishadi. Bu toifa ham yana aqlga tayanadi. Aqlning "Qur’on" ustidan hakam qilishning xatarli ekanini musulmonlar olimlar ta’kidlaydi. Ammo, ayni paytda ulamolar aqlni inkor qiladi, degan ma’noni chiqarib olmaslik kerak. Islom aqlni o‘z o‘rniga qo‘yadi. Aqlning o‘z o‘rni bor, o‘z qobiliyati bor va ulamolar o‘sha qobiliyat darajasida aqlni tan oladi.

O‘zini Qur’onga nisbat beruvchi aslida esa undan uzoq bo‘lgan besunnatlar toifasi "Hizbut tahrir" kabi nihoyatda zararli balki, undan ham yomonroq bo‘lgan adashgan toifadir. Ularning asalga zahar qo‘shib berish uslubidagi nag‘malariga quloq tutish benihoya xatarlidir. Xudo biladi, ularning ortida qanday kuchlar turibdi, kimlar boshqaryapti. Hozirda o‘zbeklar orasida ham bitta yarimta shunday adashganlar paydo bo‘lib qolyapti. Ehtimol, ularning ortida turganlar Vatanimizning barqarorligi, tinchligi va farovon hayotini ko‘ra olmayotgan g‘arazli kuchlardir.

Mamajanov Musoxon

"Hidoya" oʻrta maxsus islom 
bilim yurti talabasi