Яратилиш санаси 29.04.2023

Kisva yoki Ka’ba yopinchig‘i

Muqaddas Ka’ba ustiga yopiladigan yopinchiq kisva (yoki ka’bapo‘sh) Baytullohga ko‘rsatiladigan e’tiborning alohida ko‘rinishlaridan sanaladi.

📌Yopinchiq haqida

Ka’ba yopinchig‘ining balandligi 14 metrga yetadi. Uning yuqori qismida eni 95 sm, uzunligi 47 m. bo‘lgan matoda Qur’on oyatlari yozilgan. Mato 16 qismga ajratilgan. Ularning har biri turli islomiy naqshlari bilan bezatilgan. U matoning quyi qismi esa Qur’on oyatlari bilan to‘ldirilgan. Oyatlar orasidagi bo‘sh joylarga esa "Ya Hayy" , "Ya Qoyyum" , "Ya Rohim" , "Ya Rohman" , "Alhamdulillahi robbil a'lamiyn"  kalimalari tushirilgan.

Tilla va kumush iplar bilan Qur’on oyatlari mohirlik bilan kashta qilib tushirilayotgan bu mato bilan Ka’ba to‘liq o‘raladi. Shuningdek, Ka’ba eshiklari yopinchig‘i ham ipakning alohida navidan to‘qiladi. Uning balandligi 6,5 metrni, eni 3,5 metrni tashkil qiladi. Yopinchiqning bu qismida Qur’on oyatlari bilan bir qatorda alohida islomiy naqshlarni ko‘rish mumkin. Barchasi tilla va kumush ipli kashta bilan bajarilgan.

📌Ka’ba yopinchig‘i besh asosiy qismdan iborat: to‘rtta devorga to‘rtta yopinchiq va Ka’ba eshigining yopinchig‘i.

Kisva dastlab Zamzam suvida yuviladi, mushki anbarlar bilan chayiladi va quritiladi. Ka’baga o‘ralishidan avval unga eng qimmatbaho muattar mushklar sepib chiqiladi. Har yili Zulhijja oyining 9-kuni bomdod namozidan so‘ng Ka’ba o‘zining yangi libosiga burkanadi. Muqaddas Ka’baga yangi kisva qoplanmaguncha, eskisi olib tashlanmaydi.

📌Rangi nega qora?

Ka’ba yopinchig‘i ranglari turli davrlarda turlicha bo‘lgan. Abbosiylar xalifasi An-Nasr hukmronligi davrida, Ka’bani faqat sariq iplar bilan kashta solingan qora rangdagi yopinchiq bilan o‘rash kerak bo‘lgan. Qadimda Ka’ba yopinchig‘i asosan oq rangli bo‘lgan. Keyinroq u qora kisva bilan o‘raladigan bo‘lgan. Tarixda kisva turli rangda bo‘lgan holatlar ham uchraydi. Hozir u faqat qora mato bilan o‘raladi. Bu an’ana abbosiylar hukmdorlari paytidan urfga kirgan, chunki abbosiylarning bayrog‘i qora rangda bo‘lgan.

📌Ma’lumot uchun

Makka shahrida Ka’ba yopinchig‘i kisvaning ko‘rgazmasini tashkil qilish an’anaga aylangan. Unda kisvani tayyorlashda ishlatiladigan uskunalar, mato va ipak mahsulotlari namoyish etiladi. Ka’ba yopinchig‘ini tayyorlash uchun Saudiya Arabistoni hukumati 1927 yilda alohida ustaxona tashkil qilgan. Ustaxonada 240 hunarmand va texnik mutaxassislar mehnat qiladi. Hozirgi kunga kelib kisva tayyorlashga 17 million saudiya riyoli (4,5 million dollar) sarflanadi. Kisvaning oltin iplar bilan naqshlar solib tikiladigan matosining o‘ziga 450 kg.dan ziyod ipak ishlatiladi. Har yili ikkita kisva tayyorlanadi. Biri Ka’baning ustiga yopilsa, ikkinchisi, har ehtimolga qarshi saqlab qo‘yiladi.

Akramov Otabek

“Hidoya” o'rta maxsus  
islom bilim yurti talabasi