Яратилиш санаси 29.04.2023

Badriddin Ayniy rohimahullohning hayotlari

Ismi va nasabi. “Al-Banoya sharhul Hidoya” asarining muallifi buyuk olim, faqih, muhaddis Badriddin Ayniy rohmatullohi alayhi xazratlaridir. Ul zotning to’liq ismi sharifi Maxmud ibn Ahmad ibn Muso ibn Ahmad ibn Husayn ibn Yusuf  ibn Maxmud al-Aynatobiy al-Hanafiy. Kunyalari esa Abu Sano va Abu Muxammad. Laqabi Badriddin.

Tug‘ilishi. Badriddin Ayniyning shogirdi imom Ibn Tag‘riy Bardiy bergan ma’lumotga ko’ra ustozi hijriy 762-yil Ramazon oyining 26-kuni (milodiy 1362-yil) Halabdan 3 marhal (1 marhal – 44 km.532 metr) uzoqlikda joylashgan Aynatob shaxrida tug‘ilgan. Uning shogirdlaridan yana biri imom Saxoviyning ma’lumotiga binoan esa Badriddin Ayniy hijriy 762-yil Ramazon oyining 27-kuni tavallud topgani zikr qilinadi. Badriddin Ayniyga tug‘ilgan yurtiga nisbatan al-Aynatobiy deb, yoki qisqacha al-Ayniy deb nisbat berishgan. 

Oilasi.Badriddin Ayniyning oilasi ilmli, diyonatli, solih oilalardan biri bo’lgan. Otasi va bobosi qozi, bobolaridan biri Husayn ibn Yusuf mashxur qorilardan bo’lgan. Otasi Shihobuddin Ahmad ibn Muso hijriy 725-yil (milodiy 1326-yil) Halab shahrida tug‘ilib voyaga yetgan. So’ng Aynatob shahriga ko’chib kelgan. U erda bir masjidga imom bo’lgan. Keyinchalik qozilik martabasiga erishgan. U faqirlarni, bevalarni va yetimlarni holidan xabar oluvchi, yaxshilik qiluvchi, fazilatli inson bo’lgan. Ayniqsa ilm ahlini juda e’zozlagan. Badriddin Ayniy otasi haqida quyidagi rivoyatni keltiradi: “Otam sahovatli inson bo’lganlar. Hijriy 888-yil Aynatobdagi barcha yetim va nochor insonlarni to’plab ziyofat qilib berdilar. Men ana shu paytta o’z ko’zim bilan shahardagi g’ariblarni it, eshak go’shtini eyotganlarini ko’rganman”. Badriddin Ayniy hijriy 819-yil oila qurdi. Uni bir necha farzandlari bo’lgan. Tarix kitoblarida ularning bazilarini ismlari zikr qilingan: Abdulaziz, Abdurrohman, Ibrohiym, Ali, Ahmad, Abdurrohiym, Fotima va Zaynab. 

Ilm olishlari.Badriddin Ayniy ilmli, diyonatli oilada voyaga yetti. Otasi o’sha davr olimlari singari o’g’lini yoshligidan “Qur’oni Karim”ni yodlashga va ilm olishga undardi. Badriddin Ayniy yetti yoshga yaqin birinchi ustozi Mahmud ibn Ahmad ibn Ibrohim Qazviniyning oldiga bordi. U o’z zamonasining tengi yo’q, buyuk xattoti bo’lgan. Badriddin Ayniy qiroat ilmini dastlab Muhammad ibn Ubaydulloh (vafoti hijriy 893-yil)ning huzurida “Qur’oni Karim”ni choragini yodlagan. So’ng “Qur’oni Karim”ni imom Hafs qiroatida hifz qilgan. Fiqh ilmini imom Abul Abbosdan ta’lim olgan. Ash-Shams Muhammad ar-Roiydan esa sarf, arab-tili va mantiq ilmlarini o’rgangan.

Badriddin Ayniy o’z ona yurti Aynatob shahrida dastlabki ilmini olgan. Lekin yosh tolibi ilm bu bilimlar bilan kifoyalanib qolmadi. Ana shu davrning ilm markazlari bo’lgan Halab, Damashq, Madina, Qohira va boshqa shaharlarga ilm talabida safar qildi. Chunki odatda ko’plab tolibi ilmlar o’z shahridagi ulamolardan ilm olgandan so’ng, boshqa ilm markazlariga safar qilishardi. Bunday safarlardan ko’p foyda olgan imom Shofe’iy quyidagi baytni  aytgan:

سأضرب في طول البلاد وعرضها

أنال مرادي أو أموت غريبا

فإن تلفت نفسي فلله درها

وإن سلمت كان الرجوع قريبا[2]

                                    Shaharlarni uzoq kezaman,

                                    Murodimga yetaman yoki g‘arib bo’lib o’laman.

                                   Agar halok bo’lsam, Allohga shukur,

                                   Agar tirik bo’lsam qaytish yaqin.

Tabiyki Badriddin Ayniyning safarlarining eng yaxshisi Halabga bo’lgan (hijriy 783-yil). U yerda imom Yusuf ibn Musodan “al-Hidoya”ni ba’zi qismini ta’lim olgan va asosan hanafiy mazhabiga oid fiqhiy kitoblarni o’qigan. Imom Haydar Rumiydan meros ilmiga oid “al-Faroizus Sirojiyya” asarini sharhini ta’lim olgan. Badriddin Ayniyning otasi hijriy 874-yil vafot etadi. Shu sababli vataniga qaytadi. Biroz Aynatobda yashagandan keyin haj safariga otlanadi. Hijriy 788-yil haj ibodatini tugallab, Baytul Maqdisni ziyorat qilishga boradi. U yerda buyuk olim Alouddin Siyromiy bilan uchrashadi. Badriddin Ayniy bo’lajak ustozi Alouddin Siyromiy bilan bo’lgan voqe’ani quyidagicha hikoya qiladi: “Men 788-yil Baytul Maqdisni ziyorat qilgani borib, u yerni ziyorat qilish uchun kelgan yetuk olim Alouddin Siyromiy haqida eshitdim. Men ul zotni ko’rmagandim. Qalbimda unga nisbatan katta ishtiyoq paydo bo’ldi. Chunki men uni ilm jihatdan insonlarning eng afzali va odob jihatdan insonlarning eng chiroylisi deb hisoblardim. U menga Misr diyoriga borib xizmat qilishni taklif qildi. Men esa ziyoratdan so’ng vatanimga, oilamni oldiga qaytishni rejalashtirgandim. Men o’n kun Quddusda istiqomat qilganimdan keyin Misrga borishga qaror qildim va Siyromiy bilan Qohiraga bordik”.

Badriddin Ayniy bo’lajak ustozi Alouddin Siyromiy bilan birga Misr poytaxti Qohiraga boradi. Qohira ana shu davrda Misrda hukmronlik qilgan Mamluklar saltanatining poytaxti hisoblangan. Badriddin Ayniy u yerdagi Zohiriyya madrasasining xodimi sifatida xizmat qila boshladi. Badriddin Ayniy bu haqida shunday deydi: “Hijriy 788-yil (milodiy 1388-yil)  ramazon oyining avvalida ustozim meni chaqirdi. Menga madrasa xodimlarining boshqaruvchisi lavozimini berdi. Men esa bu lavozimga noloyiq ekanimni bildirdim. Ul zot meni o’zlariga noib sifatida ko’rishini aytgandan keyingina bu vazifani qabul qildim”.

Badriddin Ayniy dastlab Alouddin Siyromiy, Ahmad ibn Xos, Sirojiddin Balqiniy, Zaynul Iroqiy va boshqa buyuk olimlardan fiqh, hadis, qiroat , tafsir va boshqa ilmlarini o’rganadi. So’ng Zohiriyya madrasasida xadis fanidan dars bera boshlaydi.

Hijriy 790-yil Alouddin Siyromiyning vafotidan so’ng madrasadagi ba’zi xodimlarni Badriddin Ayniyga qarshiligi ortadi. U haqidagi yolg’on bo’xtonlar madrasa mudiri Jarkas Xoliyligacha yetib boradi. Xoliliy esa Ayniyni madrasa va Misr diyoridan chiqib ketishini rasman e’lon qiladi. Bundan xabar topgan buyuk olim Sirojiddin Balqiniy mudirning oldiga kelib, Ayniy haqidagi barcha gaplar yolg‘on va tuxmatligini isbotlab beradi. Xoliliy esa buyruqni bekor qiladi va Badriddin Ayniydan uzr so’raydi. Alloh Taolo xaqni yuzaga chiqaruvchi, botilni mahv qiluvchi zotdir. Bu xodisalardan ko’rinib turibdiki Badriddin Ayniy ham boshqa olimlar kabi ilm yo’lida katta qiyinchiliklarga, mashaqqatlarga yo’liqqan. U o’zining Romzul Haqoiq sharhi Kanzi daqoiq asarining muqaddimasida: “Eng aziz do’stlarim eng ashaddiy dushmanlarimga aylanishdi” deb hikoya qiladi. Mana shu kabi xodisalardan so’ng Badriddin Ayniy biroz Qoxirada yashab o’z vatani Aynatobga qaytadi.

Ana shu paytda (hijriy 792-yil) Mintosh Ashrafiy Zohir Barquq(Misrda hukmronlik qilgan Mamluk sultonlaridan biri)ga qarshi isyon ko’taradi. Sultonning askarlari Aynatob shahrini qamal qilishadi. Ba’zi odamlar Badriddin Ayniyga shahardan chiqib ketishni maslahat berishadi. Lekin u qochishdan ko’ra vatanida qolib aholini Sultonga qarshi chiqmaslikka va Mintoshga ergashmaslikka da’vat qildi. Mintoshni atrofidagilar “agar shu odam bo’lmaganda xalq senga itoat qilardi” deyishgan. Mintosh Aynatobdan qochib ketadi. Qo’zg’olonni bostirilishida Badriddin Ayniyning katta xizmatlari bo’ldi. So’ng Badriddin akasi Ahmad bilan avval Halabga keyin Misrga yo’l olishdi. U erda Muayyidiyya Madrasasida 819-yildan boshlab vafotigacha hadis fanidan dars berdi. Mahmudiyya Madrasasida esa fiqh fanidan dars berdi. Badriddin Ayniy umrining oxirigacha shu yerda qolib ko’plab asarlar yozdi, madrasada juda ko’p talabalarga ta’lim berdi.

Ismailov Akramxon

“Hidoya” o'rta maxsus  
islom bilim yurti o'qituvchisi