Яратилиш санаси 29.04.2023

FIQH VA UNING ILMIY TA’RIFI

“Fiqh” atmasini birinchi bo’lib ta’riflagan, ya’ni uning istelohiy ma’nosini yoritib bergan Abu Hanifa No’mon ibn Sobit bo’lgan. Uning ta’rifi quyidagicha:

 الفقه معرفة النفس ما لها و ما عليها

Ya’ni, fiqh ilmi har bir mukallaf kishining o’z foydasiga va zarariga bo’lgan narsalar haqidagi shariat hukmlarini bilib olishidir.

Abu Hanifaning ta’rifi ulumi shar’iya aniq shakllanib, bir-biridan ajralmagan zamonda berilgani e’tiqod va ahloq ilmlarini ham qamrab oladi. Lekin keyinroq ahloq va e’tiqodga  tegishli meyorlar har qaysisi bir ilm sifatida fiqhdan ajrala boshlab, ilmut-tavhid yoki kalom ilmi va ilmul-ahloq nomlari bilan alohida fanlarga aylandi va fiqh esa ahkomi far’iya va uning o’rganish uslubini o’z ichiga qamrab oldi. Shuning uchun oxirgi davr faqihlari Imomi A’zam ta’rifiga ‘amalan” (amaliy jahatdan) so’zi qo’shilishini zarur deb topdilar va mazkur ta’rif quyidagi shaklni oldi: “Fiqh ilmi – har bir mukallaf kishining amaliy jihatdan foydasiga va zarariga bo’lgan narsalar haqidagi shariat hukmlarini bilib olishdir”. 

Imomi Shofi’iy ta’rifiga ko’ra, fiqh – shariatning amaliy hukmlarini adillai tafsiliyadan (asosiy manbalaridan) chiqarib olishdir.     

Faqihlarlarning ta’kidlashlaricha, fiqhga berilgan har ikkala ta’rif bir natijaga olib boradi. Buyuk vatandoshimiz, mashhur faqih va mujtahid, o’n bir jildlik yirik kitob – “al – Mabsut” va mashhur asar “Usulul-Bazdaviy” ning muallifi Imom Faxrul-islom Bazdaviyning aytishicha, fiqhning uch tamoni bor:

Birinchidan, shariat hukmlarini o’rganish;

Ikkinchidan, qo’lga kiritilgan bilimni o’zlashtirish, ya’ni shariatning barcha usul va qoidalarini juz’iyoti bilan chuqur anglab, har birining sabablari va qaysi maqsad uchun vaz’ etilganligi (ishlab chiqilganligi) ni tushunish;

Uchinchidan, o’zlashtirilgan ushbu ilmni amalgam tatbiq etishdir.          

Aytib o’tilgan ta’riflarga binoan, fiqh ilmining mavzui islom huquqshunosligining asosiy manbalaridan ijtihod orqali belgilab olingan huquq tarmoqlari, ya’ni far’iy hukmlarni (juz’iy va amaliy masalalarni) o’rganishdan iboratdir.

Undan ko’zda tutilgan maqsad shariatning asosiy qoidalariga tayanib chiqarilgan hukmlarlarga amal qilish bilan ikki dunyo baxtu saodatiga erishishdir.

Bu dunyoda (dunyoviy) baxtu saodatdan maqsad rivojlangan, siyosiy jihatdan mustahkam bo’lib, barqarorlik hukm surgan, moddiy va ma’naviy taraqqiyotga erishgan  va  barcha fuqorolari oliy insoniy fazilatlarga ega bo’lgan jamiyatda yashashdan iboratdir.

Ишанов Исмоилхон 

"Ҳидоя" ўрта махсус ислом
билим юрти мударриси