Яратилиш санаси 01.06.2023

1 iyun – bolalarni himoya qilish kuni. Ularni nimalardan himoya qilish kerak?

Dunyo bo‘ylab bolalarning sog‘lom katta bo‘lishi va sifatli ta’lim olishiga kambag‘allik, ochlik, turli iqtisodiy va siyosiy inqirozlar ta’sir o‘tkazadi. To‘yib ovqatlanmaydigan, sifatli ta’limdan bebahra, majburiy mehnatga jalb qilinayotgan millionlab bolalar bor. O‘zbekistonda ham bolalar bilan bog‘liq muammolar yo‘q emas.

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. Bu sana tarixi 1925 yilga borib taqaladi. O‘sha yilda turli davlatlar ishtirokida Jyenevada ilk marta bolalar farovonligiga bag‘ishlab xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Konferensiyada ishtirokchi mamlakatlar bolalar kuni sifatida alohida sanani tanlashga kelishib oladi. Biroq qaysidir alohida sana taklif qilinmaydi, hamma o‘z madaniyatiga mos sanani tanlashi tavsiya qilinadi. 1949 yilda esa sovet mamlakatlarida 1950 yildan boshlab 1 iyunni «Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni» sifatida nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi va bu sana bayram qilina boshlanadi.

Bundan tashqari, BMT tomonidan belgilangan 20 noyabr sanasi ham Xalqaro bolalar kuni hisoblanadi. Ayrim davlatlarda bolalar kuni emas, bolalar haftaligi tarzida ham nishonlanadi.

Bolalarning sifatli ta’lim olishi bilan bog‘liq to‘siqlar juda ko‘p, ular – kambag‘allik, iqtisodiy-siyosiy inqirozlar, nizoli vaziyatlar yoki tabiiy ofatlar. Malakali o‘qituvchilar yetishmasligi, maktab infrastrukturasi yomonligi ham yosh avlodning ta’lim olishiga jiddiy xalaqit beradi.

Koronavirus pandemiyasi esa ta’lim inqirozini yanada chuqurlashtirib yubordi.

Kam va o‘rta daromadli mamlakatlarda yashaydigan 10 yoshgacha bolalarning 50 foizi shundoq ham o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarida orqada bo‘lgan. Maktablarning uzoq vaqt yopilgani va masofaviy ta’lim yetarli darajada samarali bo‘lmagani sababli o‘rganishida muammosi bor bolalar 70 foizga yetishi taxmin qilinyapti.

Bolalar mehnati
Dunyo bo‘ylab 160 mln bola majburiy mehnatga jalb qilingan. Pandemiya majburiy mehnatga jalb etiladigan bolalar sonini yanada ko‘paytirishi xavfi mavjud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, majburiy mehnat qiladiganlarning 28 foizi atigi 5-11 yoshda, 35 foizi esa 12-14 yoshda – ularning ayni maktabga qatnaydigan davri. Turmush tashvishlari sabab o‘g‘il bolalar qiz bolalarga nisbatan ertaroq mehnat qilishga, ro‘zg‘orga qarashishga majbur bo‘lishadi. Qishloq hududlarida yashaydigan bolalar shahardagi bolalarga nisbatan 3 marta ko‘proq majburiy mehnat bilan band bo‘ladi.

Erta turmush
18 yoshdan kichiklarning turmushi – erta nikoh hisoblanadi. Pandemiyadan oldin dunyoda 100 mln qizni erta nikoh kutayotgani prognoz qilingan bo‘lsa, lokdaunlardan so‘ng yana 10 mln qizni shunday hayot kutayotgan bo‘lishi mumkin.

Garchi kunlar har xil bo‘lsa-da, bu sanalarning hammasi irqi, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, terisining rangidan qat’i nazar, alohida sana belgilash orqali bolalarni himoya qilish, ularni sifatli tibbiy xizmat, ta’lim, yetarli oziq-ovqat bilan ta’minlash borasida xalqaro e’tiborni qaratish maqsad qilingan.
Bolalar himoyasi, ularning sog‘ligi va ta’limi himoyasida hali dunyo miqyosida ko‘plab muammolar bor.

Chaqaloqlar o‘limi
Bolalar tirik qolishidagi eng muhim davr – umrining birinchi oyi hisoblanadi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, yiliga 2,4 mln chaqaloq bir oylikda vafot etgan. 28 kunlikkacha vafot etadigan chaqaloqlarning aksari o‘limiga sifatsiz tibbiy xizmat yoki muddatidan oldingi tug‘uruq sabab bo‘ladi.

Kambag‘allik oqibatlari
Dunyo bo‘yicha taxminan 356 mln bola o‘ta qashshoq ahvolda yashaydi. Kambag‘al bolalarning o‘lim xavfi o‘ziga to‘q yashayotgan oilalarning farzandlariga qaraganda ikki barobar yuqori. Hatto rivojlangan davlatlarda ham har yettinchi bolaga kambag‘allik xavf soladi.

Nurullayev Fozilxo‘ja

“Hidoya” orta maxsus islom 
bilim yurti 46-guruh talabasi